Ijtimoiy tarmoqlarda YPX xodimi haydovchiga elektroshoker ko`rsatgani aks etgan videolavha tarqaldi. Videoda haydovchi YPX xodimining mashinasini boshqarishiga qarshilik ko`rsatganligini va bunga javoban inspektor elektroshoker bilan tahdid qilganligini ko`rish mumin.
Viloyat IIB Axborot xizmati rahbarining ma`lum qilishicha, 2022 yil 20 may kuni Jomboy tumani Galakapa ko`chasida xizmat olib borayotgan viloyat IIB JXX YPXB 1-otryadi inspektori tomonidan shu ko`chada harakatlanib kelayotgan “Spark” avtomobili to`xtatilib tekshirilganda, haydovchi L.A. mashinani me`yoriy hujjatlarsiz boshqarib, yo`l harakati qoidasininig tegishli bandini buzib kelayotganligi aniqlangan.
Ushbu holat yuzasidan haydovchiga nisbatan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, inspektor mashinasini vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga qo`yishini aytganida, haydovchi unga qarshilik qilib, xodimning qonuniy talabiga bo`ysunmay, inspektordan evakuator chaqirishini so`ragan.
Inspektor haydovchini agarda uning qonuniy talablariga bo`ysunmasa, elektroshoker qurilmasini qo`llashi bo`yicha ogohlantirgan hamda mashina evakuator yordamida vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o`tkazilmoqda.






