Bahor yakunlanishiga ham oz qoldi. O`zbekistonga hali yoz fazli qarshilanmagan bo`lsa ham mamlakatda nisbatan issiq havo kuzatilmoqda.
"O`zgidromet" ning xabariga ko`ra, yilning eng issiq davri xali oldinda.
Bu haqda markaz mutaxassislari shunday deydi.
"Avvalo shuni ta`kidlash joizki, dunyoda butun mavsum kabi uzoq davr uchun ishonchli prognozlash usullari mavjud emas. Hozircha yozning boshlanishi - iyun oyi prognozi haqida gapirishimiz mumkin. "O`zgidromet" tomonidan dunyoning etakchi prognostik markazlari hisob-kitoblarini jalb qilgan holda tuzilgan dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, ushbu yilning iyun oyi o`rtacha issiq bo`ladi. Iyun oyida o`rtacha oylik harorat me`yor atrofida, respublika shimoli bo`yicha ba`zi joylarda asosan me`yordan 1-2° ga yuqori bo`lishi kutilmoqda. Oy davomida respublikaning markaziy va sharqiy hududlarida kunduz kungi harorat 29-32° dan 36-39° gacha o`zgarib turishi kutilmoqda. Respublikaning shimoliy, janubiy va cho`l hududlarida eng issiq davrlarda havo harorati 40-42° gacha ko`tariladi",-deyiladi xabarda.
Xo`sh, kutilayotgan bunday harorat me`yoriy holatmi? So`nggi 3 yil ichida iyun oyi o`zi qanday bo`lgan?
Ta`kidlanishicha, 2019 yil iyun oyi Toshkentda havo harorati deyarli oy davomida 29-34° atrofida bo`lgan va faqat oyning eng oxirida 35-37° gacha ko`tarilgan. 2020 yil iyun oyida esa uncha issiq bo`lmagan.
"Masalan, Toshkentda havo harorati faqat bir marta 40° ga etgan",-deydi "O`zgidromet".
2021 yilning iyun oyida esa anomal issiq bo`lgani aytiladi.
"Ko`pchilik viloyatlarda o`tgan yilning iyun oyi O`zbekistonda meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq, ba`zi joylarda esa juda issiq bo`ldi. Respublikaning ayrim hududlarida barcha meteorologik kuzatuvlar qatorlari bo`yicha iyun oyi uchun maksimal havo haroratining rekordlari o`rnatildi",-deyiladi.
Qayd etilishicha, ushbu yilning iyun oyida yog`ingarchilik me`yordan kam, markaziy va sharqiy hududlarda ba`zi joylarda me`yor atrofida bo`lishi kutilmoqda.
"Umuman olganda, Markaziy Osiyoda yoz qurg`oqchilik bilan ajralib turishiga qaramay, O`zbekistonda iyun oyida ba`zan mahalliy xususiyatga ega jadalligi biroz bo`lgan qisqa muddatli yomg`irlar yog`adi. Shunday qilib, 2019 yil iyun oyi boshida Toshkentda do`l bilan juda kuchli yomg`ir yog`di. Turli hududlarda 2-3 soat ichida 20 mm dan 50 mm gacha yog`ingarchilik bo`ldi, bu iyun oyining oylik me`yoridan nisbatan ko`p bo`ldi. Respublikaning tog` oldi va tog`li hududlarida iyun oyida kuchli jala yomg`irlar yog`ishi eng xafli deb hisoblanadi, chunki ular sel va suv toshqinlari o`tishiga sabab bo`lishi mumkin. Keyinchalik, yozning oxirigacha o`rtacha harorat me`yor atrofida va me`yordan deyarli yuqori bo`lishi taxmin qilinmoqda. Yoz anomal issiq bo`lmaydi, lekin juda issiq ob-havo davrlari, albatta, istisno qilinmaydi. Bu mamlakatimiz iqlimining o`ziga xos xususiyatlaridan biridir",-deydi markaz xabarida.






