Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning ma`lum qilishicha, Olmaliq shahri, Shahrixon va Kitob tumanlarida noqonuniy valyuta ayirboshlash holatlari aniqlangan.
Departament hamda IIBning Olmaliq shahar bo`limlari tomonidan valyuta qimmatliklarining noqonuniy muomalaga kiritilishining oldini olish yuzasidan o`tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro X.X. 2 900 AQSh dollarini fuqaro S.ga 32,3 mln. so`mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Shahrixon tumanida fuqarolar B.X. va F.A.lar boshqa bir fuqaro M.ga 2 800 AQSh dollarini 30,0 mln. so`mga sotgan vaqtida ushlanib, ularning yonidan 2 800 AQSh dollari, 100 Rossiya rubli va 650 ming so`m ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, Kitob tumanida o`tkazilgan yana bir tezkor tadbirda valyuta qimmatliklarini noqonuniy muomalaga kiritish bilan shug`ullanib kelgan fuqarolar A.N. va S.B.lar boshqa bir fuqaro A.ga 3 400 AQSh dollarini 37,8 mln. so`mga sotgan vaqtida ushlanib, ularning yonidan jami 6 200 AQSh dollari ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o`tkazish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






