Sal avval Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumanidagi harbiy qismga xizmatni o`tash uchun yuborilgan askar Ruslan Qidiraliev vafot etgani haqida xabar bergan edik.
Ma`lum qilinishicha, sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasida 18 yashar askarning o`limiga “yurakning surunkali ishemik kasalligi. Yurak gipertrofiyasi. Kardioskleroz. Aorta va yurak toj tomirlari aterosklerozi” sabab bo`lgani, ekspertiza tekshiruvi jarayonida marhumda “o`tkir yurak va qon-tomirlari etishmovchiligi, bosh miya va o`pka shishi” ko`rinishidagi kasalliklar asoratlari aniqlangani qayd etilgan.
Ammo bunga ishonmagan marhumning ota-onasi jurnalistlar orqali haqiqatni yuzaga chiqarishga harakat qilishmoqda. Ular ekspertiza xulosalarida keltirganidek, yigitda qandaydir surunkali kasallik bo`lganida bu harbiy xizmat oldi o`tkaziladigan tibbiy ko`rikda ayon bo`lgan bo`lishi va uni harbiy xizmatga olishmasligini ta`kidlashgan.
Ayni vaqtda holat bo`yicha Mudofaa vazirligi ham bayonot berdi.
"Ma`lum qilamizki, Qarshi shahridagi harbiy qismda xizmatni o`tagan muddatli harbiy xizmatchining vafot etganligi holati yuzasidan bugungi kunda Qarshi harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda. Mazkur holat natijasi haqida qo`shimcha xabar qilinadi",-deyiladi unda.
Eslatib o`tamiz, askar ishi Bosh prokuratura ham nazoratiga olindi.






