AsosiyJinoyat

Toshkent aeroportida Turkiyaga sotib yuborilayotgan qizlar, Sirdaryoda esa chaqalog`ini sotayotgan ona qo`lga olindi

'Toshkent aeroportida Turkiyaga sotib yuborilayotgan qizlar, Sirdaryoda esa chaqalog`ini sotayotgan ona qo`lga olindi'ning rasmi

DXX matbuot xizmati "darakchi.uz"ga odam savdosi bilan bog`liq jinoyatlar haqida ma`lum qildi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Ichki ishlar vazirligi xodimlari bilan o`tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyatining Yangiyo`l shahrida yashovchi, 1978 y.t. ayolning noqonuniy faoliyatiga chek qo`yildi. 

Aldov yo`li bilan qizlarni fohishalik bilan shug`ullantirish uchun Turkiya davlatiga yuborish ortidan mo`may daromad topishni odat qilgan ushbu ayol navbatdagi o`ljasi bo`lgan – Yangiyo`l tumanida yashovchi, 1999 y.t. va Xorazm viloyatining Qo`shko`pir tumanida yashovchi, 2002 y.t. ikki nafar qizni Toshkent-Istanbul aviayo`nalishi bo`yicha yubormoqchi bo`lgan vaqtida Toshkent xalqaro aeroportida ushlandi.

Boshqa holatda esa o`z jigarbandini sotmoqchi bo`lgan ayol qo`lga olindi. 

Xususan, 1996 yil Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida tug`ilgan, hozirda Guliston shahrida yashovchi ayol o`zining 2021 yil 3 iyun kuni tug`ilgan qiz farzandini Boyovut tumanida istiqomat qiluvchi ayolga 15 ming AQSh dollariga sotishni reja qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda ayol so`ralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. 

    Boshqa yangiliklar