AsosiyJamiyat

Endilikda tez tibbiy yordam bo`yicha yagona “Call-markaz”lar faoliyati yo`lga qo`yiladi

'Endilikda tez tibbiy yordam bo`yicha yagona “Call-markaz”lar faoliyati yo`lga qo`yiladi'ning rasmi

“Aholiga tez tibbiy yordam ko`rsatish tizimini takomillashtirish to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko`ra, Respublika tez tibbiy yordam markazi (keyingi o`rinlarda – Markaz) va uning 14 ta hududiy filiallari tez tibbiy yordam xizmati hamda tibbiy avtoxo`jaliklar negizida tashkil qilinadi va tez tibbiy yordamning yagona vertikal boshqaruv tizimi yo`lga qo`yiladi.

Shuningdek, hududlarda tez tibbiy yordam bo`yicha yagona “Call-markaz”lar faoliyati yo`lga qo`yiladi. Bu haqda ayni damda Sog`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma`lum qilinishicha, vazirlik Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda sog`liqni saqlash tizimi xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni hamda davlat byudjetidan ajratilgan mablag`lar doirasida Markaz va uning hududiy filiallari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallari, markaziy tuman (shahar) shifoxonalari hamda Sog`liqni saqlash vazirligi tizimidagi avtoxo`jaliklarning yangilangan shtat normativlarini ishlab chiqishi va bu 2022 yil 1 sentyabrga qadar tasdiqlanishi belgilandi.

Shu jumladan, tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash va aholiga yanada yaqinlashtirishga oid dastur hamda tizimdagi mavjud avtotransport vositalari parkini bosqichma-bosqich yangilash ko`zda tutilgan.

Bundan tashqari, 2023 yil 1 sentyabrga qadar Sog`liqni saqlash vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligining tez tibbiy yordam bo`yicha elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi Toshkent shahri tajribasi asosida respublikaning boshqa hududlarida to`liq joriy qilinadi.

Bunda, 2022 yil 1 dekabrga qadar Andijon, Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari;

2023 yil 1 sentyabrga qadar Qoraqalpog`iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Toshkent, Farg`ona va Xorazm viloyatlari tuman (shahar)laridagi dispetcherlik xizmatlari tugatilib, Toshkent shahri tajribasi asosida Markazning hududiy filiallarida yagona “Call-markaz”lar faoliyati yo`lga qo`yiladi.

    Boshqa yangiliklar