Ba`zida ayolning ko`zlari quvnab tursa-da, uning qalbi yig`layotganini hech sezganmisiz? Yoki bu mo``jizaviy xilqat o`zini baxtli qilib ko`rsatsa-da, aslida baxtsizlikdan aziyat cheksa-chi? Aktrisa Nargiza Abdullaeva bu haqda “Bekajon” gazetasi bilan dardlashdi.
“Oila deb atalmish maktabda ham ancha haqiqatlarni anglab etdim. Ayol faqat o`zini qurbon qilib egilaversa, uni ayamasdan tepib o`tisharkan. Ko`pni ko`rgan onaxonlarimiz bekorga ayol sirli xilqat bo`lishi, hattoki oilada ham barcha sirlarni ochib tashlamalik kerakligi haqida uqtirishmas ekan. “Eng katta dushmaning turmush o`rtog`ing” degan haqiqatning borligi ham juda qiziq. Chindan ham yillar davomida eng yaqin sirdoshingga aylangan, barcha sirlaringdan voqif bo`la turib, keyin ayovsiz ravishda yuzingga soladigan inson, dushman bo`lmay kim?! San`atkor ayol bo`ladimi, erkak bo`ladimi, har ikkalasiga oson tutmang. Uning o`zi emas, balki aynan turmush o`rtog`i “yulduzlik kasal”iga chalinsa-chi? Taniqli va sevimli jufti haloli uchun xursand bo`lishning o`rniga, g`ayirlik qilsa, buning natijasi yaxshilik bilan tugaydimi? Kasbingizdagi aslida sizga hech qanday aloqasi bo`lmagan ba`zi bir noxush holatlar deb boshingiz baloga qolib ketishi ham san`atkor ayolni qiynaydigan vaziyatlardan biridir. Bora-bora hammaning oldida o`zingni baxtli ko`rsatib, qon yutib yashashdan charchar ekansan... Ochig`ini aytsam, shu kungacha bergan intervyularimda yolg`on gapirib charchadim. Endi haqiqatni aytmoqchiman. Shu paytgacha “ayyor rafiqa” bo`lgin degan gaplarga e`tibor bermasdim. Turmush o`rtog`im uchun doim ochiq bo`lishim shart degan qoida bilan yashadim. Bundan pand edim. Ayol kishi oilaning, ro`zg`orning yukini nozik elkasida ko`tarib yurishdan charchar ekan. Kezi kelganda, o`z himoyachisiga suyunib, erkalik qilishni istaydi. Qachonki, oilada erkak va ayolning vazifalari almashib qolar ekan, bunday munosabatlarga darz ketadi. Ayol uchun tom ma`nodagi yolg`izlik nimaligini bilasizmi? Aslida sevimli kishisiz yashash emas, balki oilada o`sha erkagi bo`la turib, o`zini keraksizday his qilish va tahqirlangandek umr kechirishidir. Shu paytgacha ne-ne gaplarga chidamadim deysiz, vaqti kelganda birovdan bolasi bormish degan tuhmatlarga ham qoldim. Halol yashab turib, har qadamda turli ta`nalarni eshitaverish odamga alam qilarkan. Er va xotinning hamjihat bo`lib, muhabbat iqlimi har qanday mayda dilxiraliklarni yuvib yuboradigan oilalarga havas qilaman”.