Bugun, 17 iyun Prezident Shavkat Mirziyoev Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi faoliyatini ko`zdan kechirdi. Bu haqda uning matbuot xizmati Sherzod Asadov xabar berdi.
Davlat rahbari bu muassasaning eski binosini o`tgan yili 14 mayda borib ko`rgan edi. U paytda shifoxona Respublika gematologiya markazi bo`lib, kattalarga ham, bolalarga ham bir joyda xizmat ko`rsatilardi. Dori ta`minoti etarli bo`lmagani, ximiya terapiya usullari yo`lga qo`yilmagani sababli davolanish samaradorligi 30 foizdan oshmagan.
Binodagi sharoitlar ham achinarli bo`lgan. Bir xonada 3-4 bemor yotar, sanitar xonalar umumiy edi. Ovqat uchun har bir bemorga kuniga 11 ming so`m ajratilgan xolos. Laborator tahlillarning yarmi xususiy klinikalarda o`tkazilardi.
Shundan so`ng, bu erda ko`rilganlar, ota-onalar va mutaxassislar bilan muloqotlar asosida, Prezident 2021 yil 27 may kuni “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko`rsatish tizimini yanada takomillashtirish to`g`risida” qaror qabul qildi. Unga muvofiq, bolalar gematologiyasi va onkologiyasi sohasi kattalar shifoxonasidan ajratilib, alohida markazga aylantirildi. Bu muassasa uchun Toshkent shahri Chilonzor tumani Arnasoy ko`chasida qurilgan yangi bino berildi va joriy yil yanvardan ish boshladi.
Davlatimiz rahbari bugun bu erdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Ma`lumotlarga ko`ra, yangi markazda o`rinlar soni oldingi 85 tadan 160 taga etkazilgan. Bemor bola va uning ota-onasi uchun alohida shart-sharoitlar yaratilgan.
Qayd etilishicha, markazga chet ellik konsultantlar jalb etilib, davolash va diagnostika standartlari yangilangan. O`zak xujayralari transplantasiyasi soni ham oshgan.
Prezidentimiz markazda davolanayotgan bolalar va ularning onalariga dalda berdi.
"Yoningizga yana kelishdan maqsadim - sizlarga kuch berish, umidni ikki karra ko`paytirish. Bu hammamizga sinov. Biz davlat bo`lib, aqlimizni, kuchimizni ishga solib, bu kasalliklarni engishimiz kerak. Ota-onalarga ko`mak berib, bolalarning dardiga malham bo`lib, ularni sog`aytirishimiz zarur", - deydi Shavkat Mirziyoev.
Prezident bolalarning orzu-istaklarini qo`llab-quvvatladi, tezroq sog`ayib, yaxshi o`qishlarini tiladi. Xususan, sal avval qoraqalpog`istonlik bolakay "Tesla" zavodining boshlig`i bo`lishini xohlashini aytgandi. Davlat rahbari uning istaklarini tinglab, shifo tilagandi.
Sherzod Asadov xabariga ko`ra, biroz muddatdan so`ng, shu erda Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi faoliyatini kengaytirish rejalari to`g`risida ma`lumot berib o`tilgan.
Unga ko`ra, gemapoetik o`zak xujayralarini allogen va autologik transplantasiya qilish uchun 2 ta aseptik bino, hududlardan uzoq muddatga keladiganlar uchun 200 o`rinli xostel barpo etiladi. Yil yakunigacha markazga yana 67 turdagi jihozlar keltiriladi.
"Bu soha yurtimizda yangi tizim. Endi uni hududiy shifoxonalardagi shunday bo`limlar bilan bog`lab, kasalliklarni erta aniqlash zarur. Quyi pog`onada skriningni kengaytirib, "kasallikdan oldin yurish" kerak", - degan Prezident.
Shu jumladan, ushbu markaz negizida ilmni rivojlantirish muhimligi ta`kidlangan.
"Binoda sharoit bor, muvaffaqiyat yo`q. Muvaffaqiyat ilmda! Shuning uchun bu er kasallik omillaridan tortib, samarali davolash uslublarigacha o`rganish bo`yicha ilmiy markaz bo`lishi kerak. Viloyatlardagi tibbiyot xodimlari kelib, malaka oshirsin", - deydi O`zbekiston rahbari.
Bu sohani yuksak rivojlangan Germaniya tajribasi asosida davolash protokolini yangilash, mutaxassislar jalb etish bo`yicha ko`rsatmalar berilgani aytiladi.