Prezident Shavkat Mirziyoevning Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markaziga tashrifi chog`ida onalik va bolalikni himoya qilish masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.
Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lumotga ko`ra, mamlakat aholisining 20 millionini bolalar va tug`ish yoshidagi ayollar tashkil etadi. Ularning salomatligini alohida e`tiborga olish maqsadida shu yildan barcha tuman va shaharlardagi ko`p tarmoqli poliklinikalarda bolalar bo`limi tashkil etildi.
Shuningdek, barcha markaziy poliklinikalarda “Onko-nazorat” xonalari tashkil etilib, 35 yoshdan oshgan ayollar har yili skrining tekshiruvidan o`tkazilmoqda. Bu ayollarda saraton kasalliklarini erta aniqlash imkoniyatini 10 barobarga oshirgani aytiladi.
Ta`kidlanishicha, bu ishlar natijasida so`nggi olti yilda onalar o`limi intensiv ko`rsatkichi 21 dan 15 ga, go`daklar o`limi 11 dan 8 ga kamaygan. Lekin bitta shunday holat ham jamiyatimiz uchun katta fojia.
Shu bois, yig`ilishda onalar va bolalar sog`lig`ini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish masalalari muhokama qilingani aytiladi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda respublika bo`yicha atigi 16 ta shifoxonada asoratli homiladorlikka ixtisoslashtirilgan yordam ko`rsatilmoqda. Shu bois 46 ta tuman va shahardagi tug`ruq majmualarida zarur sharoitlar yaratib, tumanlararo perinatal markaziga aylantirilishi qayd etilgan.
Yig`ilishda Reproduktiv salomatlik markazi, Skrining markazi, Akusherlik va ginekologiya markazini birlashtirib, yangi markaz tashkil etish zarurligi ta`kidlangan. Bu yangi markaz innovasion texnologiyalar asosida reproduktiv salomatlikning tibbiy-biologik muammolarini hal etish, tug`ma nogironlikning oldini olish bo`yicha genetik tadqiqotlar olib borish, bexatar onalikni ta`minlash kabi juda muhim vazifalarga ixtisoslashishi kutilmoqda.
Yig`ilishda soha mutasaddilari, shifokorlar, hokimlar so`zga chiqib, taklif va mulohazalarini bildirishgan. Yakunga ko`ra, viloyat hokimlari onkologiya va gematologiya xizmatlarini rivojlantirish, onalik va bolalikni himoya qilish choralari bo`yicha hudud xalqiga murojaat qilishi belgilandi.






