AsosiyJamiyat

Haj-2022: ilk ziyoratchilar safarga otlanishdi

'Haj-2022: ilk ziyoratchilar safarga otlanishdi'ning rasmi

Kuni kecha, 17 iyundan 18 iyunga o`tar kechasi mahalliy vaqt bilan soat 01:10 da "O'zbekiston Airways"ning, bortida 245 nafar ziyoratchi bo`lgan, birinchi reysi Toshkentdan Madinaga (Saudiya Arabistoni) jo`nab ketdi. Shu kuni Toshkentdan 02:50, 04:10 va 16:10 da xuddi shuncha yo`lovchisi bo`lgan yana uchta reys uchishi rejalashtirilgan. Bu haqda O`zbekiston musulmonlari idorasi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 18 iyundan 30 iyungacha Madina shahriga O`zbekistonning etti hududidan samolyotlar  uchishi rejalashtirilgan. Bu yil eng ko`p ziyoratchilar Namangan shahriga to`g`ri kelmoqda – jami 16 ta reysda 3916 yo`lovchi Haj amallarini ado etish uchun Saudiya Arabistoniga jo`nab ketishadi. Poytaxtdan Hajga otlanganlar soni biroz kamroq – Saudiya Arabistoniga 15 reysda 3587 nafar yo`lovchi ketishi kutilmoqda. Bortida 1209 yo`lovchi bo`lgan 5 ta samolyot Qarshidan, Samarqanddan uchta reys va 735 yo`lovchi, Buxorodan 3 ta reys va 717 ta yo`lovchi, Urganchdan ikkita samolyotda 490 ta yo`lovchi, Nukusdan bitta reys va 246 ta ziyoratchi Haj safariga borishlari kutilmoqda.

Ziyoratchilar aeroportga maxsus avtobuslarda etib kelishadi hamda ro`yxatdan o`tgandan so`ng kutish zonasiga joylashtiriladi. Shu bilan birga, mazkur reyslar davomida poytaxt aeroporti estakadasida harakat vaqtincha cheklanadi va terminalga kirish faqat yo`lovchilar uchun bo`ladi. O`zbekiston musulmonlari idorasi ham ziyoratchilarning yaqinlariga, terminal va vokzal atrofida tirbandlikni oldini olish maqsadida, o`z yaqinlarini aeroportda emas, balki ziyoratchilarning safar oldidan yig`ilish joylari – masjidlarda kuzatishni tavsiya qilmoqda.

O`z navbatida Hajga boradiganlar uchun respublika aeroportlarida qo`shimcha shart-sharoit va qulayliklar yaratildi. Toshkent aeroportida mazkur reyslar yo`lovchilariga xizmat ko`rsatish uchun «B» zonasida ikkita kutish zallari ta`mirdan o`tkazildi va ishga tushirildi, bu erda etarli miqdorda o`rindiqlar o`rnatilib, ziyoratchilarga kutish davomida ichimliklar va gazaklar taklif etiladi, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar