Samarqand tumanidagi “Navobod naslli parranda” ko`p tarmoqli fermer xo`jaligida ayni paytda 500 nafarga yaqin ishchi-xizmatchi mehnat qilmoqda. Bu erda parvarishlanayotgan parrandalar soni 300 mingtaga etgan, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi Axborot xizmati.
Xo`jalik tomonidan ichki bozorga naslli broyler jo`jalar, parranda go`shti, parranda uchun omixta em mahsulotlari etkazib berilyapti. Shuningdek, joriy yilning o`tgan davrida 13,5 million AQSh dollari miqdorida parranda go`shti va omixta em Rossiya, Tojikiston, Afg`oniston, Qirg`iziston hamda Qozog`iston davlatlariga eksport qilindi.
— Deyarli barcha viloyatlarda savdo markazlarini tashkil etganmiz va aholi xonadonlari uchun bir kunlik naslli broyler jo`jalar ham etkazib berilmoqda, — deydi “Navobod naslli parranda” ko`p tarmoqli fermer xo`jaligi rahbari Haydar O`roqov. — Yaqinda qo`shni Afg`onistonda savdo markazimizni ochdik. U erda naslli jo`jalar va parranda uchun omixta em sotuvi yo`lga qo`yilgan.
Fermer xo`jaligining 105 gektar erda tokzori ham bor. Bunda etishtirilayotgan oq kishmish navli uzum qayta ishlash sexida zamonaviy texnologiya asosida quritilib, qadoqlangan holda eksportga yo`naltiriladi, deyiladi xabarda.






