1

Astma qanday belgilar bilan namoyon bo`ladi?

Salomatlik 20.06.2022, 15:50
Astma qanday belgilar bilan namoyon bo`ladi?

Keyingi yillarda ob-havoning keskin ifloslanishi, iqlim o`zgarishi hamda koronavirus pandemiyasi sababli aholi orasida nafas organlari bilan bog`liq xastaliklarga chalinish holatlari ortib bormoqda.

Xo`sh, bunday bemorlar kasallik profilaktikasi, tashxisi va undan samarali davolanish uchun nimalarga e`tibor qaratishlari kerak?

Shu va shu kabi savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi diagnostika bo`limi shifokori, oliy toifali pulmonolog Xayrullo Rajabov javob berdi.

"Bugungi kunda yurtimiz aholisi orasida uchraydigan nafas a`zolari kasalliklarining asosiy qismini bronxial astma, surunkali obstruktiv o`pka xastaligi va pnevmoniya tashkil etadi, — deydi shifokor.

— Masalan, dunyo statistikasi bo`yicha bronxial astma kasalligi aholi orasida o`rtacha 5 foiz hollarda uchraydi. Bu ko`rsatkich bolalar orasida yanada ko`proq — o`rtacha 10 foizni tashkil etadi. Infeksion kasalliklar orasida esa o`lim sabablari ko`rsatkichi bo`yicha pnevmoniya birinchi, umumiy o`lim ko`rsatkichlarida esa oltinchi o`rinni egallaydi. Oxirgi yillarda yurtimizda Orol fojiasi oqibatida iqlim o`zgarishi kuzatilib, aholining nafas olish organlari kasalliklariga chalinish holatlari ortib boryapti.

Ular orasida esa katta muammolarga sabab bo`luvchi bir nechta turlari bor. Bularga bronxial astma, o`pkaning interstisial kasalliklari, mukovissidoz, nafas etishmovchiligi, uyqu apnoe sindromi, o`pka sili va yuqori nafas a`zolari xastaliklaridir.

Yurtdoshlarimizni eng ko`p qiynaydigan nafas olish bilan bog`liq kasallik esa bronxial astmadir. Ushbu xastalik tibbiyot tili bilan aytganda, giperreaktivlik bilan namoyon bo`luvchi nafas a`zolarining surunkali yallig`lanishi hisoblanadi. Bu jarayonda, asosan, semiz hujayralar, eozinofillar va T-limfositlar ishtirok etadi.

Ta`kidlanishicha, bronxial astma quruq yo`tal, nafas qisish xurujlari, hansirash, ko`krakda og`irlik hissining paydo bo`lishi kabi simptomlar bilan namoyon bo`ladi. Bu holatlar, asosan, tunda yoki erta saharda kuzatiladi. Kasallik xuruji ko`pincha dori ta`sirida ortga qaytadi. 

Xastalikni esa asosan quyidagi omillar keltirib chiqarishi aytiladi:

  • genetik moyillik, atopiya, nafas yo`llari giperreaktivligi;
  • tashqi va uy allergenlari (chang, uy changlari, o`simliklar changlari, uy hayvonlari yungi);  
  • chekish;
  • respirator infeksiyalar;  
  • parazitar invaziya va ayrim oziq-ovqat va dori vositalari.

 

"Bronxial astmaning qanday kechishi uning qanchalik tez aniqlanishiga bog`liq",-deydi shifokor. 

— Agar kasallik o`z vaqtida muolaja qilinib, bemor shifokor ko`rsatmalariga to`g`ri amal qilsa, ya`ni asosiy davolash jarayonlariga e`tiborli bo`lsa, uni to`liq nazorat qilish mumkin. Bu esa bemor hayot tarzini yaxshilaydi va uning alomatlarini uzoq muddatga zaiflashuviga sabab bo`ladi. Kasallikni davolash, astma xurujlari sonini kamaytirish uchun bemorning bronxospazm boshlanishiga turtki bo`lgan allergen bilan aloqasini cheklash lozim.

Xususan:

  • xona havosini almashtirish va chang zarralaridan tozalash;
  • havo tozalagichlar va kondisionerdan foydalanish;
  • havo quruqligiga qarshi namlagichlarni qo`llash;
  • bemor uchun barqaror, qulay xona haroratini saqlab turish uchun iqlim nazoratini o`rnatish;
  • turli zararli hasharotlar, ayniqsa, suvaraklarni yo`q qilish;
  • allergiya qo`zg`amaydigan choyshabdan foydalanish;
  • yungli gilamlardan voz kechish;
  • dieta qilish lozim.

Eng muhimi, bemor shifokor nazorati ostida davolanishi, uning tavsiyalariga qat`iy amal qilishi shart.

Astma nasl suradimi?

— Ha, bronxial astma avloddan avlodga o`tuvchi pulmonologik xastaliklar sirasiga kiradi. Masalan, oilada ota yoki ona bronxial astma bilan og`rigan bo`lsa, uni bolaga o`tish ehtimoli 20-30 foizni tashkil etadi. Agar har ikkalasi (ota va ona) kasallangan bo`lsa, bu ko`rsatkich 75 foizga etish ehtimoli bor.  

Mazkur holat onaning homiladorlik davrida kechgan bo`lsa, bu xavf yana ham ortishini taxmin qilish mumkin. Biroq respirator infeksion kasalliklar nasldan naslga o`tmaydi.  

Ular kelib chiqishiga ko`ra, organizm immun sistemasi faoliyatining sustligi, mikroorganizmlarning miqdori va uning virulentligi (mikroorganizmlarning kasallik qo`zg`atishi) yuqori bo`lishiga bog`liq.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1