Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus dunyoda pandemiyaning yangi to`lqini boshlanishidan jiddiy xavotirda. Uning ta`kidlashicha, agar koronavirus qayta avj olsa, insoniyat kasallikning yangi to`lqiniga tayyor emas. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Biz hozir pandemiyaning o`rtasidamiz, — deydi JSST bosh direktori. — Agar yangi mutasiya paydo bo`lsa, bunga har tomonlama hozir bo`lishimiz shart!”
Shu bois T. Gebreyesus barcha mamlakatlarni COVID-19ga qarshi kurashish borasidagi tavsiyalarga qat`iy amal qilishga chaqirdi. Xususan, kasallikka qarshi emlash ko`rsatkichlarini oshirish zarur. Bu pandemiya yangi to`lqini boshlanishining oldini olishga xizmat qiladi.
Mutaxassislarning ta`kidlashicha, ayni paytda “omikron” shtammining VA.5 varianti insoniyat salomatligiga ko`proq xavf solib turibdi.
Ushbu mutasiya ancha yuqumli va og`ir asoratlarni keltirib chiqarishi bilan ajralib turadi. Jumladan, u, avvalo, 60-65 yoshdan oshgan, emlanmagan aholi qatlami, qolaversa, ortiqcha vaznga ega va qandli diabet, buyrak etshmovchiligi kabi surunkali kasalliklarga chalinganlar uchun jiddiy xavf tug`dirishi mumkin.