2022 yil 20 iyun kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Ozarbayjon Respublikasi Davlat turizm agentligi o`rtasida 2022 yilga mo`ljallangan turizm sohasida hamkorlik dasturi imzolandi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Hujjatni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Alievning O`zbekistonga davlat tashrifi doirasida O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov va Ozarbayjon Respublikasi Davlat turizm agentligi raisi Fuad Nagiev imzoladi.
Dasturga muvofiq, tomonlar quyidagi yo`nalishlarda hamkorlik qiladilar:
– Ozarbayjon Respublikasi va O`zbekiston Respublikasining yirik shaharlarida “O`zbekistonga sayohat” va “Ozarbayjonga sayohat” targ`ibot tadbirlarini o`tkazish;
– ikki davlat hududida O`zbekiston va Ozarbayjon sayyohlik kompaniyalari vakillari ishtirokida sayyohlik yarmarkalarini o`tkazish;
– O`zbekiston va Ozarbayjon telekanallarida ikki davlatning sayyohlik salohiyati to`g`risidagi reklama materiallarini joylashtirish uchun efir vaqti almashinuvi, shuningdek, O`zbekiston va Ozarbayjonning mashhur telekanallari ko`rsatuvlarini suratga olishni tashkil etish bilan bog`liq masalalarni o`rganish;
– O`zbekistonning turizm sektori vakillari bilan O`zbekiston va Ozarbayjon ta`lim muassasalari o`rtasida turizm sohasida tajriba almashish;
– turizm kunlarini o`tkazish (mamlakatlarning madaniyati, gastronomiyasi va turizm salohiyati taqdimoti);
– o`zbekistonlik va ozarbayjonlik sayohatchilar uchun ikki davlat hududlari bo`ylab yangi turistik yo`nalishlarni ishlab chiqish va amalga joriy etish.
Ma`lumot uchun, 2022 yilning 24 may kuni Bosh vazir o`rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov va Davlat turizm agentligi raisi Fuad Nagievning Boku shahrida bo`lib o`tgan uchrashuvida turizm aloqalarini yanada rivojlantirish, qo`shma yo`nalishlar va turpaketlar tayyorlash, shuningdek, O`zbekiston va Ozarbayjon o`rtasida sayyohlar oqimini keskin oshirish bo`yicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilingandi.