AsosiyJamiyat

Surxondaryoda 8 nafar davlat xizmatchisi yig`ilish davomida DXX tomonidan qo`lga olindi

'Surxondaryoda 8 nafar davlat xizmatchisi yig`ilish davomida DXX tomonidan qo`lga olindi'ning rasmi

Surxondaryo viloyatida byudjet mablag`larining talon-toroj qilinishi, suiiste`molchilik va korrupsiya holatlariga barham berish hamda mansabdor shaxslarning mas`uliyatini yanada oshirishga qaratilgan yig`ilishda 8 nafar davlat xizmatchisi yig`ilish jarayonida DXX tomonidan qo`lga olindi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Ya`ni Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi tomonidan byudjet va kredit mablag`larini o`zlashtirgan 1 nafar sobiq bank xodimi va 7 nafar turli tashkilot xodimlari ehtiyot chorasi sifatida majlis jarayonidan qamoqqa olingan.

TAFSILOTLAR QUYIDAGIChA: joriy yil may oyida «Surxondaryodonmahsulotlari» AJga qarashli «Alpomish» un tegirmoni sobiq rahbari D.A. va ombor mudiri F.A. qiymati 12 mlrd. 87 mln. so`m bo`lgan 2 ming 884 tonna don mahsulotini talon-toroj qilgani aniqlandi.

Tergov harakatlari davomida D.A. o`zi tomonidan talon-toroj qilingan 616 tonna don mahsuloti uchun etkazilgan zararni, ya`ni 2 mlrd. 607 mln. so`mni to`liq qoplagani uchun unga nisbatan qo`llanilgan «qamoq» ehtiyot chorasi «garov»ga o`zgartirilgan.

Shuningdek, mazkur jinoyat ishi doirasida «Muzrabot don qabul qilish shoxobchasi» sobiq mudiri O.I. «Alpomish» un tegirmoni sobiq rahbari Yo.O.lar katta miqdordagi don mahsulotlarini talon-toroj qilgani aniqlangan. Natijada ularga nisbatan ham «qamoq» ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

Bundan tashqari, un tegirmoni sobiq rahbari (Yo.O)ning qiymati 4 mlrd. 886 mln. so`mlik 1 ming 166 tonna don mahsulotini talon-toroj qilgani aniqlandi. Tergov jarayonida sobiq rahbarga tegishli bo`lgan qiymati 5 mlrd. 400 mln. so`mlik ko`chmas mulk ob`ektlari xatlovga olingan. Shu sababli unga nisbatan qo`llanilgan «qamoq» ehtiyot chorasi ham «garov»ga o`zgartirildi.

Shuningdek, ombor mudiri F.A. hamda tegirmon katta tahlilchisi X.J.lar tomonidan jinoiy yo`l bilan topilgan 2 ta «Jentra» rusumli engil avtomashina ham tegishli tartibda xatlandi.

Yana bir holat: 2021 yilda Sho`rchi tumanidagi “Shurchi Indenim Klaster” MChJ tassarufidagi 1376 gektar paxta maydoniga tomchilatib sug`orish texnologiyasini joriy qilish rejalashtirilgan. Amalda texnologiya 142,7 gektar maydonda barpo etilib, pudratchi “Agro new drip” MChJ tomonidan ishlar to`liq yakuniga etkazilmagan. Hisobotlarda esa ishlarning to`liq bajarilgani ko`rsatilgan. Bu esa katta miqdordagi subsidiya mablag`larining ajratilishiga sabab bo`lgan.

O`rganishlar davomida «Amu-Surxon» irrigasiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig`i T.A. va ushbu boshqarmada faoliyat yuritib kelayotgan ayrim mas`ul shaxslar davlat byudjetidan subsidiya mablag`lari ajratilishi haqidagi imkoniyatdan qasddan foydalanib, yuqoridagi 142,7 gektar maydondan tashqari, qo`shimcha 993 gektarda tomchilatib sug`orish texnologiyasi joriy etilgani haqida soxta hujjatlar tuzgan. 

Oqibatda “Shurchi Indenim Klaster” MChJga 6 mlrd. 747 mln. 640 ming so`m miqdoridagi subsidiya mablag`lari asossiz ajratilgan va iqtisodiyotga katta miqdorda zarar keltirilgan. Mazkur holat yuzasidan T.A.ga gumonlanuvchi sifatida «qamoq» ehtiyot chorasi qo`llanildi.

Hozirda esa “Shurchi Indenim Klaster” MChJ mas`ul shaxslari tomonidan keltirilgan 6 mlrd. 747 mln. 640 ming so`mlik zararning davlat foydasiga undirilishi ta`minlandi. Shu munosabat bilan unga nisbatan qo`llanilgan «qamoq» ehtiyot chorasi «garov»ga o`zgartirildi.

Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar