“Pedagogik ta`lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta`lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–289-son, 21.06.2022 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qaror bilan tegishli OTM hamda ularning bakalavriat ta`lim yo`nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida quyidagilar tashkil etiladi:
-Urganch davlat pedagogika instituti;
-Namangan davlat pedagogika instituti;
-Guliston davlat pedagogika instituti;
-O`zbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti;
-Andijon davlat pedagogika instituti;
-Buxoro davlat pedagogika instituti;
-Termiz davlat pedagogika instituti;
-Shahrisabz davlat pedagogika instituti;
-Chirchiq davlat pedagogika universiteti;
-Jizzax davlat pedagogika universiteti.
2022/2023 o`quv yilidan:
-maktabgacha, umumiy o`rta, o`rta maxsus va professional ta`limda foydalaniladigan darsliklar hamda metodik qo`llanmalarni pedagog kadrlar tayyorlovchi OTMga ularning talabnomasiga muvofiq pullik asosda taqdim etish tartibi joriy qilinadi;
-pedagog kadrlar tayyorlovchi OTM kunduzgi ta`lim shaklida o`qiyotgan 2–4-bosqich talabalari uchun haftalik o`quv mashg`ulotlari “4+2” tartibida (darslarning 4 kuni OTMda, 2 kuni maktabgacha va umumiy o`rta ta`lim muassasalarida amaliyot o`tash tartibida) olib boriladi.
Har yili pedagog kadrlar tayyorlovchi OTM ixtisoslik kafedralarining kamida 5 foiz professor-o`qituvchilarini xorijga tanlov asosida malaka oshirish va stajirovkaga yuborish choralari ko`riladi.






