2016 yil 15 iyulda Vazirlar Mahkamasining majlisi bo`lib o`tdi. Majlisda joriy yilning birinchi yarim yilligida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari muhokama qilindi, deya xabar beradi O`zA.
Majlisda iqtisodiyotni isloh qilishni, tarkibiy o`zgartirish va modernizasiya qilishni ta`minlash bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo`yicha yalpi ichki mahsulotning 7,8 foizga o`sishi ta`minlangani qayd etildi. Sanoat hajmlari 6,7 foizga o`sdi. Qurilish ishlari hajmi 17,5 foizga, xizmatlar ko`rsatish hajmi 12,9 foizga ko`paydi. Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdoridagi profisit bilan ijro etildi. Inflyasiya darajasi prognoz parametrlaridan oshmadi.
Moliya-bank tizimi barqarorligini yanada oshirish bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlar banklar jami kapitalining 23,3 foizga va depozitlarning 27,7 foizga o`sishini ta`minladi, bu iqtisodiyotni kreditlash hajmlarining 26,2 foizga ko`payishiga ko`maklashdi. Barcha bank kreditlarining qariyb 80 foizi investisiya maqsadlariga berilgan uzoq muddatli kreditlardir.
Qishloq xo`jaligi ishlab chiqarishini modernizasiyalash, diversifikasiyalash va optimallashtirish dasturiy chora-tadbirlarini faol amalga oshirish davom ettirildi. Meva-sabzavot mahsulotlari etishtirishga davlat buyurtmasi joriy etildi. G`o`za maydonlari qisqartirildi, bo`shagan maydonlarga meva-sabzavot ekinlari ekildi. Qishloq xo`jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6,8 foizga ko`paydi.