Toshkent shahrida Suriyada faoliyat yuritayotgan "Tavhid va jihod katibasi" xalqaro terrorchilik guruhi safiga qo`shilish uchun ketayotgan ayol ushlandi. Bu haqda shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda .
Ma`lum qilinishicha, 1990 yilda tug`ilgan N.S. 2020 yilda Suriya va Turkiyada faoliyat yuritayotgan "Tavhid va jihod katibasi" xalqaro terrorchilik guruhi a`zolari bilan Internet orqali aloqa o`rnatib, ularning ta`sirida Turkiyaga borgan. So`ngra jangarilar safiga qo`shilish maqsadida Suriya hududiga o`tishga uringan vaqtida Turkiya chegarachilari tomonidan qo`lga olingan va O`zbekistonga qaytarilgan.
Biroq N.S. yashash manziliga qaytib kelganidan keyin ham jinoiy faoliyatini davom ettirib, Internet orqali "Tavhid va jihod katibasi" terrorchilari bilan aloqani qayta tiklagan, ularning g`oyalarini qo`llab kelgan hamda o`z yaqinlari orasida va ijtimoiy tarmoqlar orqali ekstremistik g`oyalarni targ`iboti bilan shug`ullangan.
Yuqorida qayd etilgan holatlar yuzasidan fuqaro N.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 2441-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Tergov jarayonida N.S.ga nisbatan insonparvarlik tamoyili asosida "Tilxat" ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Lekin N.S. yana Suriyadagi hamfikrlari safiga qo`shilish maqsadida O`zbekiston hududidan yashirincha chiqib ketishga uringan vaqtida huquq-tartibot idoralari tomonidan qo`lga olingan. N.S.ga nisbatan sud hukmi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.






