O`zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrik yo`llab, ularni erkin ishlashga chaqirdi.
"Hurmatli ommaviy axborot vositalari xodimlari!
Qadrli do`stlar!",-deya boshlanadi Mirziyoev tabrik so`zi.
— Avvalo, siz, azizlarni, soha rivojiga bugun ham munosib hissa qo`shib kelayotgan muhtaram faxriylarni Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga o`zimning yuksak hurmatim va eng ezgu tilaklarimni izhor qilaman.
Biz ommaviy axborot vositalari xodimlari timsolida o`zining chuqur bilim va tajribasi, noyob iste`dod va mahoratini xalqimizning axborot sohasidagi konstitusiyaviy huquqlarini ta`minlash, mamlakatimizda inson qadrini ulug`lash, odamlarning ongu tafakkurini yuksaltirish, jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralik muhitini mustahkamlash, global axborot makonida milliy manfaatlarimizni himoya qilishdek olijanob ishlarga bag`ishlagan jonkuyar va zahmatkash insonlarni ko`ramiz.
Jonajon O`zbekistonimiz o`z taraqqiyotining yangi va muhim bosqichiga qadam qo`yayotgan hozirgi davrda media sohasi vakillari – jurnalist va muharrirlar, rejissyor va operatorlar, blogerlar, tele-radio kanallar, gazeta va jurnallar, nashriyot va bosmaxona xodimlari Vatanimizning demokratik qiyofasini shakllantirish, uni dunyoga tarannum etishga beqiyos hissa qo`shib kelayotganini el-yurtimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.
Davlat rahbari so`zida davom etarkan sohaning moddiy-texnik bazasini yaxshilashga ham e`tibor qaratib, xodimlar mehnatini rag`batlantirishga bundan buyon ham ahamiyat berilishini qaratilishini ta`kidlaydi.
"Keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlar orqali ba`zi joylarda ommaviy axborot vositasi xodimlariga mensimay qarash, ularning o`z vakolati doirasida erkin faoliyat yuritishiga to`sqinlik qilish holatlari uchrayotgani haqida xabarlar tarqalayotgani ham bu fikrni tasdiqlaydi",-deya so`zida davom etadi Shavkat Mirziyoev.
"Ommaviy axborot vositalari xodimlarining o`z faoliyatini qonun doirasida erkin amalga oshirishiga to`sqinlik qilish – bu demokratik islohotlarimizga qarshi harakat, mamlakatimizning obro`siga putur etkazish sifatida baholanishi kerak. Sud va prokuratura organlari bizga mutlaqo yarashmaydigan bunday salbiy holatlar bo`yicha qat`iy choralar ko`rishi lozim.
Bir haqiqatni hech qachon esdan chiqarmasligimiz kerak: barchamiz demokratiya deb atalgan buyuk maktabning o`quvchilarimiz. Bu borada hali ko`p narsalarni o`rganishimiz zarur. Farzandlarimizni ayni shu ruhda tarbiyalashda jurnalistika sohasi vakillari, muhtaram faxriylarimiz o`zlarining boy tajribasi va ibratli fazilatlari bilan alohida namuna ko`rsatadilar, deb ishonaman",-deydi u.
O`zbekiston rahbari so`zi so`ngida soha xodimlarini bayram munosabati bilan yana bir bor muborakbod etib, ularga faoliyatlarida zafarlar tilamoqda.
"Hurmatli ommaviy axborot vositalari xodimlari!
Bugungi bayram munosabati bilan soha fidoyilaridan bir guruhi davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangani, hech shubhasiz, barcha ijodkorlarni yangi-yangi marralar sari ilhomlantirib, ularga katta g`ayrat va shijoat bag`ishlaydi.
Fursatdan foydalanib, siz, aziz qalam ahlini qutlug` bayramingiz bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, ijodiy faoliyatingizda ulkan yutuqlar, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, baxt-saodat va fayzu baraka tilayman",-deydi davlat etakchisi.






