AsosiyJamiyat

Adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul 73 yoshida vafot etdi

'Adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul 73 yoshida vafot etdi'ning rasmi

​​O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi, adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Haqqul 2022 yil 28 iyun kuni 73 yoshida vafot etdi. Bu haqda O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati ma`lum qildi.

Ibrohim Haqqul 1949 yil 28 martda Buxoro viloyati Shofirkon tumani Talija qishlog`ida ziyoli oilasida tug`ilgan. O`rta maktabni tugatgach, 1966-1970 yillarda Buxoro davlat pedagogika institutida tahsil olgan.

1970-1972 yillarda "Shofirkon haqiqati" gazetasida bo`lim boshlig`i va muharrir vazifalarida ishlagan. Uning "Navoiy va Mavlono Ashraf", "Daryo kabi hamisha uyg`oq..." kabi ilk adabiy maqolalari ushbu gazetada bosilib chiqqan.

Olim 1972 yildan hozirga qadar O`zFA O`zbek tili, adabiyoti va folklori institutida faoliyat yuritdi.

Ibrohim Haqqul 1976 yili "O`zbek adabiyotida ruboiy" mavzusida nomzodlik, 1995 yili "O`zbek tasavvuf she`riyatining shakllanishi va taraqqiyoti" mavzusida doktorlik dissertasiyasini himoya qilgan.

Dastlab uning "O`zbek adabiyotida ruboiy" (1981), "Uvaysiy she`riyati" (1982), "Badiiy so`z shukuhi" (1987) kitoblari nashr etilgan bo`lsa, keyin "Zanjirband sher qoshida" (1989), "She`riyat — ruhiy munosabat" (1989), "Abadiyat farzandlari" (1990), "Tasavvuf va she`riyat" (1991), "Kamol et kasbkim..." (1991), "G`azal sog`inchi" (1991) kabi 20dan ortiq kitoblari bosilib chiqqan.

U rus tilidagi ikki jildlik "Istoriya uzbekskoy literatur" kitobining mualliflaridan.

Saksoninchi yillarning ikkinchi yarmida Ibrohim Haqqulning adabiy jarayonda faol ishtirokini kuzatish mumkin.

Shuningdek, Abdulhamid Cho`lponning "Bahorni sog`indim" (1988), Xoja Ahmad Yassaviyning "Hikmatlar" (1991) majmuasini, shogirdi Sayfiddin Rafiddinov bilan hamkorlikda "Boqirg`on kitobi" (1991), "Me`rojnoma" (1995) kabi uzoq muddat nashr etilmay kelingan asarlarni o`quvchilarga etkazgan.

Keyingi yillarda u "Ahmad Yassaviy", "Kim nimaga tayanadi?", "E`tiqod va ijod", "Tasavvuf saboqlari", "Taqdir va tafakkur", "Meros va mohiyat" deb nomlangan risola va kitoblarini chop ettirgan.

Farididdin Attor, Jaloliddin Rumiy, Abdurahmon Jomiy, Vilyam Shekspirday daho san`atkorlarning o`zbek tiliga o`girilgan kitoblariga salmoqli so`zboshi va so`ngso`zlar yozgan.

Alisher Navoiyning "Xazoyin ul-maoniy"sidan tanlangan shohbaytlarning alohida kitob holida chiqarilgani ham e`tiborga molikdir.

Keyinroq Ibrohim Haqqulning "Ijod iqlimi" va "Mushohada yog`dusi" nomli kitoblari ham bosilib chiqqan.

U 1996 yildan "Qadimgi davr adabiyoti", 2001 yildan buyon "O`zbek adabiyoti tarixi" bo`limi mudiri sifatida faoliyat ko`rsatib kelgan.

Olim O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, "O`zbek tili va adabiyoti", "Tafakkur", "Naqshbandiya" jurnallari tahrir hay`atlari a`zosi edi.

Uning ayrim maqola va kitoblari turk, uyg`ur, ozarboyjon, tojik va rus tillariga tarjima qilingan.

Keyingi yillarda olimning "Navoiyga qaytish" deb nomlangan 2 jildlik kitobi bosmadan chiqqan.

    Boshqa yangiliklar