Almalin tuman IIB va Milliy xavfsizlik qo`mitasi departamentiga hujum qilishda ayblangan jinoyatchi yigit surushtiruv vaqtida polisiya xodimlaridan qasdini olmoqchi bo`lganini ma`lum qildi, deb xabar berdi “Lenta.ru” nashri.
Qozog`iston respublikasi IIV vaziri Kalmuxanbet Qosimovning bergan ma`lumotiga ko`ra, 27 yoshli jinoyatchi yigit ilgari zo`ravonlik, bosqinchilik qilgani, noqonuniy ravishda o`q otar quroli saqlagani uchun sudlanib, 5 yil-u 11 oy qamoqda bo`lgan. Jinoyatchi qamoqda o`tirgan vaqtida polisiyachilardan qasd olishni niyat qilgan. Jinoyatchi hujum uyushtirishidan oldin o`zbekistonlik ayolning joniga qasd qilgan. Yana qamoqqa tushishini bilganidan keyin polisiyachilardan qasos olishga intilgan.
Almati shahar antiterrorchilik tezkor shtabi vakili Saltanat Azirbekning axborot berishicha, hujumni jinoyatchi yigitning yolg`iz o`zi uyushtirgan. Shaharda “qirmizi” darajadagi terrorchilik xavfi e`lon qilingan, barcha shubhali shaxslar tekshiruvdan o`tkazilgan. Gumonlanib, ushlangan ikki shaxsdan biri jinoyatchi yigit qo`lga olgan avtomashina haydovchisi ekanligi aniqlangan.
18 iyul kuni Almalin tuman IIB va MXX binosiga uyushtirilgan hujumda 3 polisiyachi, 1 chegarachi va 1 fuqaro vafot etgan. 9 kishi yaralangan, ulardan olti nafari polisiyachilardir. Jinoyatchining o`zi ham yaralangan. Qozog`iston prezidenti Nursultan Nazarboev Almatida ro`y bergan otishmani terakt deb atadi.