Xabaringiz bor, 2021 yil 7 dekabr kuni Surxondaryoning Denov tumanidagi savdo majmuasida portlash sodir bo`lgan edi. Mazkur portlash aybdorlariga 2022 yil 28 aprel kuni hukm o`qilgan. Bu haqda "darakchi.uz" ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, «Hududgaz Surxondaryo» gaz ta`minoti filiali Denov shahri gaz ta`minoti bo`limi boshlig`i lavozimida ishlagan B.Q. Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismining «a» bandi (Juda ko`p miqdorda zarar etkazgan holda mansab vakolatini suiiste`mol qilish) va 207-moddasi 3-qismi «a» bandi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash oqibatida odam o`lishiga sabab bo`lish) bilan aybdor deb topilgan. Unga nisbatan 3 yilu 7 oy 11 kun ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan, soat 22:00 dan soat 06:00 gacha yashash joyidan chiqishi cheklangan.
«Hududgaz Surxondaryo» gaz ta`minoti filiali qurilish va montaj boshqarmasi elektrgazpayvandchi vazifasida ishlagan N.U. Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi «a», «b» bandlari (Kasb yuzasidan o`z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik odamlar o`limiga va boshqacha og`ir oqibatlarga sabab bo`lishi) va 214-moddasi 3-qismi «v» bandi (Davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo`lishi – bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib) bilan aybli deb topilib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
«Hududgaz Surxondaryo» gaz ta`minoti filiali «Denovshahargaz» bo`limi gaz taqsimlash punktlari bo`yicha chilangari A.N. Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi «a», «b» bandlari 214-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan aybli deb topilgan. Unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Ayblanuvchilar iste`molchilarni "Giper Market Indenim" MChJ foydalanuvdagi savdo markazi binosi ostidan yotqizilgan, yaroqsiz holga kelib qolgan va foydalanishdan chiqarilgan 50 millimetr hajmdagi gaz quvurini tegishli qoidalarga ko`ra yaroqliligi, mustahkamligi va bosimga bardoshliligini tekshirmasdan, o`z kasbiga nisbatan beparvolik va insofsizlarcha munosabatda bo`lgan holda Denov arig`i yonidan o`tgan, 1,3 kg/sm2 bosimli, harakatdagi 76 millimetr diametrli gaz quvuriga ulab qo`ygan. Oqibatda savdo markazi binosi ostidagi foydalanishdan chiqarilgan va yaroqsiz quvurdagi yoriqlardan sizib chiqqan juda ko`p miqdordagi tabiiy gaz bino ichiga to`planib, kuchli portlash yuz bergan. Natijada 11 nafar odam halok bo`lgan.






