AsosiyJamiyat

"Men olijanob va bag`rikeng qoraqalpoq xalqining aql-idroki va donishmandligiga ishonaman" - Prezident

'"Men olijanob va bag`rikeng qoraqalpoq xalqining aql-idroki va donishmandligiga ishonaman" - Prezident'ning rasmi

Qoraqalpog`istondagi uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoev Konstitusiyaga o`zgartirish kiritish bo`yicha takliflarga to`xtaldi:

"Shundan kelib chiqqan holda hamda Qoraqalpog`iston Respublikasining o`ziga xos etnik, madaniy xususiyatlari, milliy urf-odat va qadriyatlari, alohida huquqiy maqomini e`tiborga olib, loyihadagi Qoraqalpog`iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid normalarni o`zgartirishsiz qoldirish zarur, deb hisoblayman. Ya`ni, Konstitusiyaning 70, 71, 72, 74, 75 moddalari o`zgarishsiz qoldiriladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidan ushbu  masalani tez kunlarda ko`rib chiqishni so`rayman.

Qadrli Qoraqalpog`iston ahli!

Takror aytaman – asrlar davomida o`zbek va qoraqalpoq xalqlari o`rtasida shakllangan azaliy do`stlik va qardoshlik, o`zaro hurmat va mehr-oqibat, og`izbirchiligimizni asrab-avaylaylash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik muhitini saqlash – barchamizning burchimizdir.

Konstitusiyaviy islohotlarimizning bosh maqsadi ham aynan mana shundan iborat", dedi davlat rahbari.

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoev xalqqa yana bir bor murojaat qildi.

"Yangi O`zbekiston, Yangi Qoraqalpog`istonni albatta birgalikda quramiz! Shu sohadagi barcha islohotlarimiz, muhokamalarimiz, hech shubhasiz, demokratiya va huquqiy mezonlar asosida amalga oshirilishi zarur.

Ayni vaqtda tinchlik va osoyishtalik, jamoat xavfsizligini buzishga urinayotgan har qanday shaxslarga nisbatan qonun doirasida qat`iy choralar ko`riladi.

O`zbekistonda “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan qoidani amalda ta`minlash uchun barcha kuch va imkoniyatlar etarli.

Hozirgi vaziyatda barcha yurtdoshlarimizni hamjihatlik va birdamlikka, oqilona ish ko`rishga, turli g`arazli chaqiriq va harakatlarga berilmaslikka da`vat etaman.

Men olijanob va bag`rikeng qoraqalpoq xalqining aql-idroki va donishmandligiga ishonaman", dedi davlatimiz rahbari so`zining yakunida.

    Boshqa yangiliklar