AsosiyJamiyat

Nazira Mamabetsharipova: "Ho`lga quruq aralashib ketdi. Va bu kimlargadir qo`l keldi"

'Nazira Mamabetsharipova:  "Ho`lga quruq aralashib ketdi. Va bu kimlargadir qo`l keldi"'ning rasmi

Qoraqalpog`istonda xizmat ko`rsatgan jurnalist Nazira Mambetsharipova kecha Nukusga uchib ketgan va hozir o`sha erda.

U O`zbekiston TVda jonli efir berib turilgan vaqti yig`lab yuborganini ham yashirmadi.

"Kecha Qoraqalpog`iston TVda jonli efir berib turdik, ochig`i, yig`ladim men. Prezident kecha "nega menga vaziyatni etkazmadinglar" deganda haq edi",-deydi u.

"Ijtimoiy tarmoqda odamlar Konstitusion islohotlar bo`yicha ko`p fikr va savol berishdi. Ammo biror rasmiy shaxs chiqib, tushuntirmadi, bu loyiha ekani, xalqning fikri so`nggi so`z bo`lishini aytmadi...  Ho`lga quruq aralashib ketdi. Va bu kimlargadir qo`l keldi",-deya ta`kidlaydi Nazira Mambetsharipova .

— Kecha Prezident kelganida butun Qoraqalpoqning tinchliksevar ziyolilari, onalarining, otalarining ruhi ko`tarildi. Atrofimdagi insonlar, men bilgan qoraqalpoqliklar O`zbekiston islohotlarini, o`zgarishlarini qo`llaydi,  kecha Qoraqalpoq xalqining milliy o`zlikni asrashga bo`lgan intilishini davlat rahbarining o`zi ham qo`llab-quvvatladi. Konstitusiyaning Qoraqalpog`iston bilan bog`liq masalalariga hech qanday o`ylov va ikkilanishga hojat qolmadi. Kecha efirda turib, imkonim qadar shularni aytdim. Bugun o`zbek xalqi bilan birga yaratgan moddiy boyliklarimizni, shu tinch hayotimizni bolalarimiz kelajagi uchun asraylik, ko`chaga chiqqanlar, ortga qaytinglar dedim. Tongda tvdan uyga qaytdim. Ota mahallamda bolalar o`ynab yuribdi, har kim o`z ishi bilan... Ayrim joylarda odamlar yig`ilgani aytildi, ammo kechagidek emas. Men o`zim tongda soat 6 da uyga qaytayotganda ortiqcha odamni ko`chada ko`rmadim. Ayni vaqtdagi holatni aniq bilmayman. Umid qilaman, yaxshilangan.  

Ijtimoiy tarmoqda o`tirib, o`zbek foydalanuvchilari bilan olishayotgan, ularga hurmatsizlik qilayotganlar qoraqalpog`istonliklar fikrini ifodalamaydi. Bizda hozir internet yo`q. Ularning kim va qay g`arazda, qaerlardadir o`tirib olib yozayotganini mana shu faktning o`zi ham tushuntiradi.  

Men Qoraqalpog`istonda tug`ilib o`sdim. Farzandlarim Toshkentda katta bo`ldi. Biror marta ikki tomonda ham diskriminasiya nimaligini sezmadim. Butun Respublika tashkilotlari, jamoatchiligi kelib Qoraqalpog`istonni rivojlantirish uchun oylab shu erda yashab-ishlaganini ko`rdim. Ikki yuzi yorug` va do`st xalqning bolasi ekanimdan faxrlanaman.

Dilbar Abdunabieva.

    Boshqa yangiliklar