AsosiyJamiyat

Namanganda arxeologik yodgorlikka milliardlab zarar etkazilgani aniqlandi

'Namanganda arxeologik yodgorlikka milliardlab zarar etkazilgani aniqlandi'ning rasmi

Namangan viloyati, Uychi tumanidagi arxeologik yodgorlikka hokimlik qarori bilan katta zarar etkazilgan. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar bermoqda. 

Ma`lum qilinishicha, Namangan viloyati Madaniy meros boshqarmasi tomonidan ushbu holat o`rganilib, to`plangan hujjatlar viloyat prokuraturasiga qonuniy chora ko`rish uchun yuborildi.

Aniqlanishicha, Uychi tumani, "Pastguzar" MFY, Beruniy ko`chasida joylashgan "Uychi manzilgohi (BT-3)" ob`ekti arxeologik yodgorlik bo`lishiga qaramay, tuman hokimining 2019 yil 6 apreldagi 1473-sonli qaroriga asosan fuqaro T. D. ga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun noqonuniy tarzda berib yuborilgan. Ushbu obekt Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi "Moddiy madaniy merosning ko`chmas mulk obektlari milliy ro`yxatini tasdiqlash to`g`risida"gi 846-son qaroriga asosan madaniy meros ob`ekti sifatida davlat muhofazasiga olinganiga qaramay, unga katta zarar etkazilgan.

Namangan viloyat prokuraturasi va DXX tomonidan olib borilgan o`rganishlar natijasiga ko`ra o`tgan vaqt mobaynida MChJ tomonidan yodgorlik hududining 21 sotix qismida og`ir texnika yordamida surish va qazish ishlari olib borilgan. Oqibatda arxeologiya obektiga 3,9 milliard so`m miqdoridagi zarar etkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati Madaniy meros boshqarmasi to`plagan hujjatlar asosida Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan Uychi tuman hokimligi mansabdor shaxslari hamda MChJ rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Hozirda tergov va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar