Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig`i o`rinbosari Nurmat Otabekov ma`lum qildi.
Yod tanqisligi kasalliklari - patologik holat bo`lib, qalqonsimon bezning disfunksiyasi bilan bog`liq holda organizmda yodning etarli darajada iste`mol qilinmasligi bilan bog`liq jarayon hisoblanadi.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) yod tanqisligini o`tkir global tibbiy-ijtimoiy va demografik muammo deb hisoblaydi, chunki, O`zbekiston Respublikasining butun hududini o`z ichiga olgan endemik hududlarning (130 dan ortiq mamlakatlarda) barcha aholisi YTK rivojlanish xavfi ostida yashaydi.
Mazkur tashkilotning xulosasiga ko`ra, dunyo aholisining 1/3 qismidan ko`prog`ida YTK rivojlanish xavfi yuqori, shu bilan birga 740 million aholida YTK (bo`qoq) ko`rinishlari mavjud bo`lsa, 50 million aholi miya disfunksiyasi va aqliy zaiflikka ega.
Biroq, yod tanqisligiga qarshi ko`p yillik kurash olib borilayotganiga qaramasdan, hanuzgacha dunyoning ko`plab mamlakatlarida, shu jumladan, O`zbekistonda ham yod tanqisligi muammosi to`liq hal etilmagan.
Hozirga kelib, O`zbekiston sharoitida aholisi yod tanqisligi bilan bog`liq kasalliklarga chalinish xavfi bo`lmagan hudud yo`q, negaki respublikaning shu kungacha o`rganilgan barcha hududlarida aholi rasionida yod tanqisligi mavjudligi kuzatilgan.
Akademik, Ya.X.To`raqulov nomidagi Endokrinologiya RIIATM tomonidan respublikaning barcha hududlarida olib borilgan tadqiqotlarga ko`ra, fuqarolar tomonidan kunlik o`rtacha yod iste`moli sezilarli darajada kamaygan bo`lib, bor-yo`g`i 32-64 mkg ni tashkil etadi. Zarur bo`lgan minimal miqdori esa – 150-200 mkg ga tengdir.
JSST fikriga ko`ra endemik buqoqning sporadik shakllari 5%ga kamayishiga erishilsa, u holda YTK to`liq bartaraf qilingan hisoblansada, O`zbekiston Respublikasida bugungi kunda yod tanqisligi og`ir hudud bo`lib qolmoqda.
Aslida yodga bo`lgan ehtiyoj chaqaloqlarda kuniga 50 mkg, 1 yoshdan 6 yoshgacha bo`lganlarda 90 mkg, 7 yoshdan 10 yoshgacha bo`lganlarda 120 mkg, o`smirlar va kattalarda 150 mkg ni tashkil qiladi. Homiladorlik va laktasiya davrida yodga bo`lgan ehtiyoj kuniga 200-300 mkg gacha ortadi, chunki ona organizmi yodni homila yoki emizikli bola bilan bo`lishadi. Tanadagi yodni iste`mol qilishning mo``tadil kamayishi va qonda qalqonsimon gormonlar konsentrasiyasining pasayishi sharoitida ham bolaning miyasi rivojlanishining buzilishi sodir bo`lishi, ya`ni yod tanqisligi bilan bog`liq og`ir klinik kasalliklar, xususan endemik buqoq va kretinizm, aqliy zaiflik, perinatal va chaqaloqlar o`limining ko`payishi kabilar kuzatilishi mumkin.
Yod tanqisligi tug`ma gipotireoz bilan kasallanish darajasini oshiradi, homila va yangi tug`ilgan chaqaloqlarda miyaning qaytarilmas shikastlanishiga, aqliy zaiflikka olib keladi. JSST ekspertlarining fikricha, yod tanqisligi aqliy zaiflikning eng keng tarqalgan sababi bo`lib, faqat oqilona yondashish orqali uning oldini olish mumkin. Ammo unutmaslik kerakki, yod tanqisligi mavjud bo`lgan hududlarda yashovchi barcha aholining intellektual salohiyati pasayishi bu muqarrar xisoblanadi.
Jahonda yod tanqisligini bartaraf etish bilan shug`ullanadigan nodavlat, notijorat tashkiloti ma`lumotiga ko`ra dunyoning 96 dan ortiq mamlakatlarida tuzni majburiy yodlash strategiyasi mavjudligi va uning qonunchilikda belgilab qo`yilgani, hozirgi paytda ushbu muammoni hal qilish yo`llaridan biri bo`lishi mumkin. Tuz kabi mahsulotni yodlash tasodifan tanlanmagan.
Yodlangan osh tuzini ishlab chiqarish, sotish va iste`mol qilish sohasida samarali huquqiy va tashkiliy asoslarni qabul qilish, aholini faqat yodlangan osh tuzi bilan ta`minlash borasida ta`sirchan chora-tadbirlarni ko`rish, aholida o`z sog`lig`i uchun mas`uliyatni shakllantirish, yodlangan osh tuzini iste`mol qilishning afzalliklari, inson salomatligini to`liq himoya qilish imkoniyati mavjudligi, qo`l ostimizdagi ma`lumotlarga tayangan holda yod tanqisligi bilan kasallanishni kamaytirish choralarini ko`rish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni jadallashtiribgina qolmasdan, pirovardida, mamlakat aholisi farovonligini oshirishga yordam beradi.
O`zbekiston Respublikasining “Yod tanqisligi kasalliklarining profilaktikasi to`g`risida”gi 2007 yilda qabul qilingan qonun, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 26 yanvardagi “Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va ko`lamini kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-102-son qarorlarining ijrosini ta`minlash borasida Sanepidxizmati tomonidan qator chora tadbirlar amalga oshirilib kelmoqda.
Respublika bo`yicha bugungi kunga 102 ta yodlangan osh tuzini ishlab chiqarish va qadoqlash korxona, sexlari faoliyat yuritib, vakolatli organni xabardor qilgan xolda o`tkazilgan tekshirishlar davomida laboratoriya tekshiruvlari uchun olingan osh tuzi namunalaridan ular tarkibida yodlanganlik darajasi belgilangan me`yorlarga javob bermagan holatlarda ularni qayta yodlash uchun xududiy sanepidxizmatlarining taqiqlash to`g`risidagi qarori bilan ularning realizasiyasi to`xtatildi.
Jumladan Andijon viloyati, Andijon tumani, “CAMARA SALT GROUP” OKdan 4,8 tonna, Farg`ona viloyati, Marg`ilon shahar, "Marg`ilon Elit tuz" MChJdan 2,0 tonna, Toshkent viloyati, Zangiota tumani “Pokiza Tuz Savdo” MChJdan 2,0 tonna, Surxondaryo viloyati, Sherobod tumanidagi “Chorbog` Barakali Tuz” MChJdan 15,5 tonna, “Ulug`bek Jovliev” oilaviy korxonasidan 10,0 tonna, “Emin Og`a” xususiy korxonasidan 10,0 tonna, "Mushtariybonu Nilufar Fayz" x/k 2,0 tonna, "Oqtosh Xurshid Fayz" o/k 2,5 tonna, "Charbog` Sherabot tuz" MChJ 2,6 tonna Toshkent shahar, Olmazor tumanlaridagi “TATLI TUZ” MChJdan 2 tonna va “EKO CRISTAL” MChJdan 7,0 tonna, Yunusobod tumanidagi “TIGER TRADE” MChJdan 4,1 tonna osh tuzi realizasiyasi taqiqlanib, ja`mi 70,0 tonna tuz qayta yodlash bo`yicha korxona rahbarlariga tegishli ko`rsatmalar berildi.






