Bu haqda bugun AOKAda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi mutaxassislari ishtirokidagi matbuot anjumanida aytildi.
Ta`kidlanishicha, Koreyada ishlash istagidagi o`zbekistonlik fuqarolar uchun 2022 yilda belgilangan koreys tili bo`yicha EPS-Topik hamda malaka test imtihonlarida ishtirok etish uchun joriy yil 28 aprel kuni labormigration.uz dasturiy majmuasidan 18 yoshdan 39 yoshgacha bo`lgan 16 601 nafar nomzod ro`yxatdan o`tgan.
Koreyaning Inson resurslarini rivojlantirish xizmatining EPS-Topik agency bazasiga ro`yxatdan o`tgan 16 601 nafar nomzoddan 1391 nafari talablarga mos kelmagani sababli qabul qilinmagan.
Shunday qilib, barcha talablarga muvofiq ro`yxatdan o`tgan nomzodlar uchun 2022 yil 2 iyun kuni Toshkent shahrida koreys tilidan EPS-Topik test imtihoni boshlangan va 15 iyulgacha davom etadi. Ushbu bosqichdan muvaffaqiyatli o`tgan nomzodlar malaka test imtihonlaridan ham o`tishi lozim.
Ma`lum qilinishicha, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi test imtihonlaridan muvaffaqiyatli o`tgan fuqarolarni Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirishini kafolatlamaydi.
Test imtihonlari bevosita Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan o`tkazilmoqda va baholanadi. Imtihonlardan muvaffaqiyatli o`tgan fuqarolar ro`yxati Inson resurslarini rivojlantirish xizmati va Agentlik veb-saytlarida e`lon qilinadi.
Keyingi bosqichda Agentlik tomonidan sinovlardan o`tgan fuqarolar to`g`risidagi ma`lumotlar (anketa ma`lumoti, skaner qilingan pasport nusxasi, fotosurat) Inson resurslarini rivojlantirish xizmatining SPAS elektron bazasiga kiritiladi. SPAS elektron bazasiga kiritilgan ma`lumotlar qachon kiritilishidan qat`iy nazar nomzod ro`yxati KIRRX tomonidan tasdiqlangandan so`ng, 1 yil muddatga amal qiladi va bu muddat ichida nomzod koreys ish beruvchilari tomonidan tanlanmagan taqdirda KIRRX tomonidan yana 1 yil muddatga qayta tasdiqlanadi.
Ikkinchi yilda ham tanlab olinmagan fuqarolar ro`yxati elektron bazadan chiqarib yuboriladi va Koreyada ishlash istagida bo`lgan fuqaro sinovlardan qaytadan o`tishi lozim bo`ladi. Mazkur bazada shakllangan nomzodlar to`g`risidagi elektron ma`lumotlar Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan istalgan nomzodni tanlab olish uchun koreys ish beruvchilariga taqdim etib boriladi. Koreys ish beruvchilari tomonidan tanlab olingan nomzodlarga mehnat shartnomasi loyihasi yuboriladi. Shundan so`ng, Koreya Adliya vazirligi tomonidan berilgan viza tasdiqnomasi asosida nomzod Koreyaga yuboriladi.
Yuqoridagi ma`lumotlarda keltirilganidek, fuqarolarni koreys ish beruvchilari tomonidan tanlash jarayonlarida Agentlikning hech qanday ishtiroki mavjud emas.
Shu o`rinda qayd etish lozimki, Koreya tomonidan xorijiy fuqarolarni shu jumladan O`zbekiston fuqarolarini ishga jalb qilish jarayonida shaffoflikni ta`minlash maqsadida Inson resurslarini rivojlantirish xizmatining EPS.GO.KR veb-saytida har bir nomzodga shaxsiy kabinet ochilgan.
Shaxsiy kabinet orqali fuqarolar o`zi to`g`risidagi ma`lumotlar ya`ni, uning sinovlardan o`tish ballari, anketa ma`lumotlari, ish beruvchi tomonidan tanlanganligi yoki yo`qligi, tanlangan bo`lsa, mehnat shartnomasi va ishchi viza tasdiqnomalarini yuborilgan vaqtlari to`liq yoritib boriladi.