Hukumat qarori bilan Paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish bo`yicha agrotexnik tadbirlar uchun subsidiya ajratish tartibi to`g`risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.
Bu haqda “Huquqiy axborot” telegram kanali xabar bermoqda.
Nizomga ko`ra, paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish bo`yicha agrotexnik tadbirlar uchun 13 ta tumandagi erdan foydalanuvchilarga har bir gektar maydonga 1 mln. so`m subsidiya beriladi.
Erdan foydalanuvchilar qishloq xo`jaligi bo`linmasiga “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali subsidiya oluvchilar ro`yxatiga kiritish uchun 2022 yil 25 iyulgacha ariza bilan murojaat qiladi.
Qishloq xo`jaligi bo`linmasi arizalarga asosan, 2022 yil 1 avgustgacha erdan foydalanuvchilarning nomi, manzili, paxta maydoni to`g`risidagi ma`lumotlarni o`z ichiga olgan ro`yxatni viloyat hokimliklariga taqdim etadi.
Hokimliklar 2022 yil 5 avgustgacha erdan foydalanuvchilar ro`yxatini tasdiqlaydi. Qishloq xo`jaligi bo`linmasi 2022 yil 10 avgustgacha erdan foydalanuvchilarni ularning ro`yxatga kiritilganligi yoki ro`yxatga kiritish rad etilganligi to`g`risida xabardor qiladi.
Ro`yxatga kiritilgan erdan foydalanuvchi 2022 yil 5 sentyabrgacha “Agrosubsidiya” AT orqali subsidiya ajratish bo`yicha ariza bilan Qishloq xo`jaligi vazirligiga murojaat qiladi.
Qishloq xo`jaligi vazirligi ro`yxatni umumlashtiradi va ularni 2022 yil 20 sentyabrgacha Moliya vazirligi va Davlat statistika qo`mitasiga taqdim etadi.
Moliya vazirligi ro`yxatga muvofiq subsidiyaning dastlabki 70 foizini 2022 yil 1 oktyabrgacha quyidagi taqsimotga ko`ra tashkilotlarning hisobvaraqlariga o`tkazib beradi:
- 60 foizini – erdan foydalanuvchilarga;
- 6 foizini – Paxta seleksiyasi, urug`chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutiga;
- 4 foizini – Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutiga.
Davlat statistika qo`mitasi 2023 yil 25 noyabrgacha erdan foydalanuvchilarning 2023 yildagi paxta hosildorligini avvalgi yil bilan taqqoslagan holda ma`lumot tayyorlaydi va Moliya vazirligiga taqdim etadi.
Moliya vazirligi Davlat statistika qo`mitasining ma`lumotiga asosan paxta hosildorligi avvalgi yilga nisbatan 15 foiz yoki undan ko`p miqdorda oshganda, subsidiyaning qolgan 30 foizini 2023 yil 20 dekabrgacha erdan foydalanuvchilarning hisobvarag`iga o`tkazib beradi.
Eslatib o`tamiz, ushbu vaqtinchalik nizom 2024 yil 1 yanvargacha amal qiladi.