Avval xabar qilganimizdek, bugun, 6 iyul kuni soat 08.56 da Toshkent shahar IIBB navbatchilik qismiga Yashnobod tumanidagi “Zo`r TV” telekanali joylashgan hududda 2 nafar noma`lum shaxs portlovchi modda o`rnatayotganligi haqida xabar kelib tushgan. Holat bo`yicha O`zbekiston Milliy media assosiasiyasi ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, "Zo`r-TV” telekanali mas`ul muharriri Ma`rufxo`ja Xo`jaqulov bugun soat 12:09da telekanal joylashgan hududda 2 nafar noma`lum shaxs portlovchi modda o`rnatayotganligi haqidagi xabarga izoh bergan.
Uning ta`kidlashicha, ayni paytda telekanal hududida xavfli bo`lgan portlovchi moddalar aniqlanmagan, xavotirga asos yo`q. Hozirda “Zo`r-TV” telekanali o`z ish faoliyatini doimgidek olib bormoqda. Holat yuzasidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.






