AsosiyJamiyat

Shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqish tizimi to`liq o`zgaradi

'Shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqish tizimi to`liq o`zgaradi'ning rasmi

Ayni paytda prezident raisligida o`tkazilayotgan yig`ilishda shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqish tizimi to`liq o`zgarishi ta`kidlandi. Endilikda:

  • xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan loyihalarga Texnik kengash xulosasini olish tartibi bekor qilinadi;
  •  xalqaro standartlar asosida xorijda ekspertizadan o`tkazilgan loyihalar to`g`ridan-to`g`ri tan olinadi;  
  •  shaharsozlik normalari va qoidalari kamida 2 baravarga qisqaradi hamda xalqaro me`yorlarga moslashtiriladi;
  •  shaharsozlik normalari va qoidalari har 3-4 yilda yangilanadi (amalda 7-8 yil).

 

Qurilishda tovarlar va xizmatlar narxlarini shakllantirish tizimi ham tartibga solinmagani ko`rsatib o`tildi.

Shu bois, investisiya dasturi doirasida aynan bir xil ob`ekt uchun qurilish qiymati turlicha belgilanmoqda. Yoki, qurilishda ishlarni baholashga bo`lgan yagona yondashuv yo`q. Buning oqibatida, talon-torojlik va korrupsiya uchun sharoit yaratilmoqda.

Masalan, temir-beton ishlari uchun 6 xil hisob-kitob usuli mavjud bo`lib, narxdagi tafovut ham shunchaga farq qiladi.

Endilikda:

  •  shaharsozlik normalaridan qurilish ishlarini baholash bilan bog`liq bo`lgan 147 ta norma chiqarib tashlanadi;
  •  “Qurilish resurslari klassifikatori” platformasi ishga tushirilib, 100 mingdan ziyod qurilish materiallari va xizmatlarining bozor narxi shakllantiriladi.

 

Yana bir muhim masala – mamlakatimizdagi 2 mingdan ziyod loyiha tashkilotidan 10 tasida raqamli texnologiyalar joriy qilingan.

Bugungi kunda 30 ta etakchi davlat loyiha tashkilotida 10 foiz mutaxassislar binolarni raqamli modellashtirish sertifikatiga ega.

Buyurtmachi, loyihachi va pudratchilar o`rtasida o`zaro hamkorlik bo`lmagani bois, Investisiya dasturiga kirgan ob`ektlar loyihasiga 5-6 oy vaqt sarflanmoqda.

Vaholanki, hududlarda har yili qurilayotgan maktab, bog`cha, tibbiyot muassasalarining namunaviy loyihasidan foydalanib, muddatni kamida 2-3 oyga qisqartirish mumkin.

Shu bois, “Shaffof qurilish” dasturida “elektron katalog” yaratilib, ijtimoiy ob`ektlarning namunaviy loyihalari joylashtirib boriladi. Undan barcha buyurtmachilar va loyiha-pudrat tashkilotlari erkin foydalanishi mumkin bo`ladi.

Viloyat hokimliklari qoshidagi Yagona buyurtmachi kompaniyalari faoliyatini qayta ko`rib chiqish zarurligi qayd etildi.

Hozirda hududlarda loyihaning texnik topshirig`ini to`g`ri ishlab chiqish, o`z vaqtida va sifatli topshirish jarayonlarini boshqaradigan menejerlar yo`q.

Viloyat hokimlari, Qurilish vazirligiga ikki oy muddatda Yagona buyurtmachi bo`lgan kompaniyalar faoliyatini qayta ko`rib chiqish topshirildi. Bunda:

  •  viloyatlarning Yagona buyurtmachi bo`lgan kompaniyalar boshqaruviga xorijiy menejerlar olib kelinadi;
  •  loyiha sifatini ta`minlash uchun kamida 1 nafardan malakali loyiha arxitektori va muhandislar jalb qilinadi;
  •  qurilish jarayonini boshqarish, ish hajmi hisobini yuritish raqamlashtiriladi.

Shu bilan birga, kelgusi yildan Yagona buyurtmachi kompaniyalarining:

  •  loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish;
  •  yangi qurilishlar bo`yicha texnik nazorat funksiyalari autsorsing asosida xususiy sektorga beriladi.

 

Bu ishlarni qilish uchun Yagona buyurtmachi kompaniyalarga malakali mutaxassislarni jalb qilish, laboratoriyalar ahvolini yaxshilash, manfaatini ko`paytirish uchun moliyaviy imkoniyatlari kengaytiriladi.

    Boshqa yangiliklar