2022 yil 6 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Ozarbayjon Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeyxun Bayramov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Ikki mamlakat o`rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Alievning O`zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi yakunlari bo`yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish borasidagi sa`y-harakatlarni jadallashtirishga tomonlarning tayyorligi tasdiqlandi.
Vazirlar kelgusi tadbirlar jadvali, shu jumladan Toshkent shahrida "O`zbekiston-Ozarbayjon-Turkiya" shaklidagi uch tomonlama uchrashuv tashkil etish yuzasidan kelishib oldilar.
J.Bayramov Qoraqalpog`istonda tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni ta`minlash bo`yicha O`zbekiston Rahbariyati tomonidan ko`rilayotgan chora-tadbirlarni Ozarbayjon to`liq qo`llab-quvvatlashini bildirdi. Davlatning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga qarshi har qanday harakatlarga yo`l qo`ymaslik muhimligi qayd etildi.






