AsosiyJamiyat

“Safar yigit kishini tarbiyalaydi”

'“Safar yigit kishini tarbiyalaydi”'ning rasmi

Jizzaxlik Asadullo Mahkamov 9 yil deganda talabalar safiga qo`shildi. U O`zbekis­tondagi oliy ta`lim dargohlariga kira olmagach, ishlash, oilasiga yordam berish uchun Rossiyaga jo`nab ketgandi. Asadullo orzusidan voz kechmagani, muhojirlik hayotida ko`rgan qiyinchiliklari haqida hikoya qilib berdi.

“Aka-ukalarimning orzuci uchun ham yo`l bo`shatib berishim kerak edi”

— Bolaligimdan huquqshunoslikka qiziqardim. Shu sabab maktabni bitirib, huquqshunoslik yo`nalishidagi kollejga kirdim. Keyin qo`shimcha repetitorlarda tayyorlanib, Jizzax davlat pedagogika universitetining huquqshunoslik fakultetiga topshirdim. Omadim chopmadimi, o`qishga kirolmadim. Qayta tayyorlanib, 2014 yil Toshkent Davlat yuridik universitetiga hujjat topshirdim. Taqdir emas ekan, bu safar ham talaba bo`lolmadim. “Shuncha tayyorlanib ham oliy ta`lim dargohiga kira olmadi” degan ta`nadan or qilib, ko`zdan uzoqroq bo`lish uchun biroz muddat uydan ham chiqmay qo`ydim.

Chet eldagi tanishlarim o`qimay turib ham O`zbekistondagi o`qiganlardan ko`p pul topishayotganini aytishdi. Talaba-ku bo`lolmadim, endi ota-onamga og`irligim tushmasin, deb Rossiyaga ketishga qaror qildim. Chunki oddiy dehqon oilasidan bo`lganligim uchun dadam hammamizga birdek pul topib berishi qiyin edi. Aka-ukalarimning orzuci uchun ham yo`l bo`shatib berishim kerak edi. Shunday qilib, mas`uliyatni sezib, musofirchilikni bo`ynimga oldim. Tushkunlikka tushib qolganim uchun ham ota-onam ketishimga ruxsat berdi.

“Safar yigit kishini tarbiyalaydi”

— 2014 yil avgust oyi oxirida Rossiyaga bordim. Kelishim bilan rasmiyatchilik boshlandi. Hujjatlarimni to`g`rilashimga bir oy vaqt ketdi. Keyin bir qurilish kompaniyasiga ishga kirdim. Ish haqi soatbay edi. Kompaniya turar-joyimizni qilib bergan, eb-ichishni o`zimiz ­amallardik.

Bu hayotimdagi ilk safarligi uchun boshida ancha qiyin bo`lgan. Har kuni kiyimlarimni yuvib dazmollab beradigan, sal isitmam chiqsa, dori-darmon tutadigan oyim oldimda yo`q edi. Hatto ovqat ololmay haftalab och qolgan vaqtlarimiz ham bo`lgan. Shunday qilib sekin-asta hammasiga ko`nikdik. Uy tozalash, ovqat tayyorlash kundalik ishlarimizning bir qismi bo`ldi. Shunda safar yigit kishini tarbiyalashiga to`liq amin bo`ldim.

“Imtihon uchun 5 yil ketma-ket O`zbekistonga kelib turganman”

— Rossiyaga ishlash uchun kelgan bo`lsam ham, ich-ichimda yurist bo`lish orzusi turardi. Qachon bo`lsa ham baribir o`qishga kiraman, degan ishonch va qat`iyat bor edi. Shuning uchun hech qachon o`z ustimda ishlashdan charchamadim. Kunduzi ishlab, kechalari o`zim bilan olib kelgan kitoblarimni qayta-qayta o`qir, oynaga qarab savol-javob qilardim. Va 5 yil ketma-ket avgust arafasida o`qishga kirishga hujjat topshirish uchun O`zbekis­tonga borib turganman. Ammo bo`lmadi. Natijasiz urinishga hafsalam qolmagani uchun sakkizinchi yil hech qaerga hujjat topshirmadim. Endi oliy ma`lumotli bo`lish fikridan qaytgandim.

To`qqizinchi urinishda erishilgan talabalik...

Asadulloning nihoyat o`qishga kirishi qanday kechgani haqida ukasi Abdullo aytib berdi.

— Akamning samarasiz urinishlarini ko`rib, o`qishga topshirib, vaqtimni boy berishni istamadim. Va 2021 yil maktabni bitirdim-u, akam bilan ishlash uchun Rossiyaga keldim. Biroq hali ikkimizda ham o`qish istagi so`nmagandi. Bir kuni internet orqali oliy ta`lim dargohlariga hujjat topshirish reklamasini ko`rib qoldik. Shu sabab bo`ldi-yu, baxtimizni sinab ko`rish uchun qiziqishlarimizga mos universitetga ariza topshirdik. Akam Sankt-Peterburg davlat universitetining yuridik fakultetiga, men Yadroviy energetika ins­titutining issiqlik energiyasi fakultetiga sirtqi ta`lim uchun imtihon topshirdik. Baxtni qarangki, hozir aka-uka ikkimiz ham talabamiz.

“Bu erda o`zbekchilik yo`q, yiqildimi, haydaladi”

Hikoyaning davomini yana Asadulloning o`zidan eshitamiz.

— O`qitish tizimi O`zbekistondan deyarli farq qilmaydi. Sentyabrdan iyungacha 10 oy davom etadi. O`quv yili 2 semestr bo`­yicha imtihon asosida baholanib boriladi. Kunduzgi ta`lim 4 yil, sirtqi ta`lim jarayonlari yilda ikki marta bir oydan 5 yil davom etadi.

Bu erdagi ta`lim tizimining O`zbekistondan farqli jihati shundaki, bu erda davomat va forma muammolari yo`q. Semestr oxirida bo`ladigan imtihondan o`ta olsa bo`ldi. Imtihonlar haqqoniy bo`ladi. Bu erda “o`zbekchilik” yo`q, yiqildimi, haydaladi. Shuning uchun hamma o`zi uchun o`qiydi.

Yaqin-yaqingacha boshqa mamlakatda o`qib qaytgan mutaxassisning diplomi O`zbekistonda tan olinishi ancha qiyin edi. Hozir diplom ishini qayta himoya qilib bemalol ishlasa bo`ladi. Mana shuning o`zi bizga katta imkoniyat berdi. Agar oliy ta`lim tizimidagi bu o`zgarish bo`lmaganida, biz ham o`qimas edik, ehtimol.

“Menga ishim yoqadi, ammo…”

— Ishim qiyin emas, do`kon rastalariga mahsulotlarni terib chiqaman. Ish vaqti mahsulotni qancha vaqtda joylashtirib chiqishga bog`liq. Qancha tez ishlasak, shuncha bo`sh bo`lamiz. Men 7 dan 13 gacha ishlayman. Kunning ikkinchi yarmida o`qiyman. Haftada 2 kun dam olaman, 5 kun ishlayman. Oyiga 1000 dollar topaman. Oliy o`quv yurti shartnomasi uchun yiliga 2000 dollar to`layman.

Shuncha yil imtihonlarim muvaffaqiyatsiz bo`lgan bo`lsa ham umrim besamar ketmadi. Dadamga uyni ta`mirlashga yordam berdim. Ishim o`zimga yoqadi. Biroq sog`inch qiynaydi. Bizni ota-onamiz har lahzada kutyapti. Ayniqsa onam menga kelin topib chaqirib olish harakatiga tushgan. Ammo oliy ta`limni tamomlaganimizdan keyin ukam ikkalamiz O`zbekis­tonga qaytib, sohamiz bo`yicha faoliyat olib bormoqchimiz.

Umida SATTOROVA suhbatlashdi.

    Boshqa yangiliklar