Joriy yilning 1 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizligi xizmati va Energetika vazirligi huzuridagi “O`zneftgazinspeksiya” tomonidan navbatdagi nazorat tadbiri o`tkazildi.
Unda aniqlanishicha, Toshkent viloyatida “tadbirkor” tomonidan 12 milliard so`mdan ortiq yoki yoz mavsumida 63 mingta xonadonning bir oylik iste`moliga teng tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.
Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma`lum qildi.
Nazorat tadbirida "O`rtaovul oltin g`isht” MChJga qarashli Yangiyo`l tumanidagi “U.Musaev” MFY hududida joylashgan pishgan g`isht ishlab chiqarish sexi ko`zdan kechirilgan. Ushbu sex 2020 yil sentyabr oyida gaz ta`minoti tarmog`idan uzilib, quvurlari demontaj qilinganligiga qaramasdan, gaz hisoblagich o`rnatmagan holda o`g`rincha tabiiy gazdan foydalanib kelinayotganligi ma`lum bo`ldi.
Hisob-kitoblarga ko`ra, mazkur korxona tomonidan davlat manfaatlariga etkazilgan zarar miqdori 12 milliard 586 million 373 ming so`mni yoki yoz mavsumida 63 mingta xonadonning bir oylik iste`moliga teng bo`lgan tabiiy gaz talon-toroj qilingan.






