IIVning xabariga ko`ra, Mirzo Ulug`bek tumani IIO FMBga kelib tushgan xabarga ko`ra, joriy yilning 24 iyun kuni 22 yoshli N.U. ijtimoiy tarmoqdagi saytlardan biriga “Iphone 13 Pro” rusumli telefon sotilishi haqidagi e`lonni joylashtirgan.
Shundan so`ng noma`lum shaxslar unga qo`ng`iroq qilib, ushbu telefonni 1000 AQSh dollariga sotib olishga tayyor ekanliklarini ma`lum qilishgan.
Ular Mirzo Ulug`bek tumani hududida uchrashishga kelishib oldilar. Uchrashuvda ikki nafar fuqaro N.ning qo`l telefonini tortib olmoqchi bo`lgan, biroq uning qo`lidagi moslamani tortib ololmay, voqea joyidan qochib ketishgan.
Tez orada jinoyatchilar qo`lga olindi. Ular 18 yoshli B.Sh. va 19 yoshli B.Yu. ekanligi aniqlandi.
Ularga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi (Talonchilik) va 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko`rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Tergov davom etmoqda.
Internetda mulkingizni sotish haqida e`lon joylashtirishda ehtiyot bo`ling, deyiladi xabarda.






