Yaqin-yaqingacha ehtiyojmand bemorlarning respublika tibbiyot markazlarida davolanishi uchun qog`oz shaklidagi “order” tizimidan foydalanilganidan xabaringiz bor.
Oqibatda bunday imtiyozlar ko`p hollarda tanish-bilishchilik asosida berilgani, qolaversa, “order” uchun mablag`lar respublika tibbiyot markazlariga bemor kelsa-kelmasa, har yili o`tkazib kelingani sir emas.
Oqibatda haqiqiy ehtiyoji bor aholi davolanish uchun yillab navbatda turgan bir vaqtda, ayrim markazlar samarasiz moliyalashtirib kelingan.
Endi bunday amaliyotdan to`liq voz kechildi. Prezidentimizning “Sog`liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko`rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq, ochiq va shaffof tizimga o`tildi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Natijada o`tgan yil 1 oktyabrdan davlat byudjeti mablag`lari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni elektron axborot tarmog`i orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo`llash tizimiga 14 ta tibbiyot muassasasi o`tkazildi.
Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, akademik Yo.To`raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Bolalar milliy tibbiyot markazi shular jumlasidan.
Mazkur tibbiyot muassasalarida davlat byudjeti mablag`lari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida order berish tartibi bekor qilindi.
Uning o`rniga moliyalashtirishning yangi mexanizmiga muvofiq bemorlarni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo`llashning elektron axborot tizimi joriy etildi.
— Bu jarayonda kasallikning og`irlik darajasiga ko`ra, axborot tizimi orqali navbatda turishning shaffof mexanizmlari amaliyotga tatbiq qilindi, — deydi Davlat tibbiy sug`urtasi jamg`armasi ijro etuvchi direktori Farrux Sharipov. — Shu tariqa bemorlarga o`zining so`rovi, murojaati hamda navbati haqidagi axborotni olish imkoni yaratildi.
Ayni vaqtda esa bemorlarga ularning kasalligiga muvofiq ixtisoslashtirilgan muassasalarda davolanishni ta`minlaydigan yo`llanmalar berilmoqda.
Ushbu yo`llanma axborot tizimida avtomatik tarzda shakllantiriladi. Bemor davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotida tibbiy xizmatlardan foydalanishni o`zi ixtiyoriy tanlay oladi.
Jamg`arma bilan shartnoma tuzgan tibbiyot muassasasida muolajalar amalga oshirilgach, ko`rsatilgan tibbiy xizmatlarni asoslovchi hujjatlarga ko`ra, ushbu shifo maskaniga bazaviy narxlar doirasida sarflangan mablag` byudjet hisobidan to`liq to`lab beriladi...






