O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 12 iyul kuni Evroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay`ati raisi Mixail Myasnikovichni qabul qildi.
Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida, eng avvalo, savdo, sanoat kooperasiyasi, transport va logistika, innovasiyalar, migrasiya va turizm sohalaridagi o`zaro hamkorlikning ustuvor yo`nalishlari ko`rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari O`zbekiston kuzatuvchi davlat sifatida tashkilot tuzilmalari bilan tizimli hamkorlikni yo`lga qo`yganini alohida ta`kidladi.
Tegishli memorandum va 2023 yillarga qadar davrga mo`ljallangan Qo`shma tadbirlar rejasi amalga oshirilmoqda. Bugun Hamkorlikning qo`shimcha yo`nalishlari ro`yxati imzolandi.
EOII mamlakatlari bilan o`zaro savdo va investisiyalar ko`rsatkichlari ijobiy sur`at bilan o`sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Savdo to`siqlarini bartaraf etish, sanoat kooperasiyasini kuchaytirish va ishbilarmonlik aloqalarini rag`batlantirish, loyihaviy hamkorlikni rivojlantirish, tranzit sohasidagi dastur va loyihalarni ilgari surish, migrasiya tartibotlarini soddalashtirish va o`zaro sayyohlar oqimini kengaytirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Qo`shma Ishchi guruhning navbatdagi yig`ilishini o`tkazishga kelishib olindi.






