AsosiyJamiyat

Qashqadaryo viloyati davlatga don sotish shartnomaviy rejasini bajardi

'Qashqadaryo viloyati davlatga don sotish shartnomaviy rejasini bajardi'ning rasmi

Viloyatda joriy yilda 26 ta g`allachilik klasterlari tashkil qilinib, 2022 yil hosili uchun 140 000 gektar suvli maydonlarda 6600 nafar fermer xo`jaliklari bilan fyuchers shartnomasi asosida boshoqli don hosili etishtirildi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Viloyatda etishtirilgan joriy yilgi g`allani nes-nobud qilmasdan o`rib-yig`ib olish maqsadida har 2-3 ta kombaynni bittadan otryadga biriktirib, 176 ta otryadlar tashkil etildi. Viloyat hokimi Murotjon Azimov g`alla o`rim-yig`im mavsumini uyushqoqlik bilan o`tkazish maqsadida o`rim oldidan har bir tumanda bo`lib, mavsumga shaylik holatini mutaxassislar ishtirokida nazorat ko`rigidan o`tkazgan edi.  

Prezident tashabbusi bilan don korxonalariga topshiriladigan tovar donning 80 foizi don korxonalari tomonidan o`tgan yilga nisbatan ikki birobar qimmat narxlarda, ya`ni, har bir tonna g`alla uchun uch million so`mdan to`lab berilgan bo`lsa, qolgan 20 foizi don korxonalari omborlarida saqlangan holda, bozor narxlarida birja savdolari orqali sotilib, fermerlarga to`lab berildi. Bundan tashqari, qariyb 500 ming tonnadan ortiq g`alla aholi va fermerlar ixtiyorida qoldirildi.

Joriy yilgi shartnomaviy rejaga ko`ra, davlatga 336386 tonna boshoqli don topshirish belgilangan bo`lsa, bugungacha 336695 tonna don topshirildi va reja 100,1%ga bajarildi.  

Bu jarayonlarda Yakkabog` (120%), Kitob (119.8%), Shahrisabz (112.7%), Qamashi (111.2%), Chiroqchi (107.7%), Qarshi (104.2), Kasbi (103.3) va Koson (100.8%) tumanlari fermerlari yuqori natijalarni qayd etdi. Ayniqsa, Yakkabog` tumanidagi "Fayziev Amir Farxodovich", "Jovliev Dilmurod Abdishukurovich", "Boynazar o`g`li Sardorbek", "Abdurahmon", Shahrisabz tumanidagi "Ma`rufxon o`g`li Xalil", "Shaxzodabonu Farxod qizi", "Asadbek Mahmado`st", "Yangiboev Axror", Chiroqchi tumanidagi "Nurimov Dustmurod Maxmurodovich", "Sho`rquduk", "Tangir bobo", Kasbi tumanidagi "Boburshox orzusi", "Kurbonov Rajabpulat", "Nodirbek Xayrullaev", Nishon tumanidagi "Musurmon", "Dolliev Utkir", "Jovliev Abdirauf", "Daverov Abbos Baxriddin o`g`li", Muborak tumanidagi "Tursunboy Oynazarov", "Olam", Mirishkor tumanidagi "Yangi Jeynov Durdonasi", "Yorqin", Kitob tumanidagi "Shox Akbar", "Shodlik Shodon Sher", "Sarvar Doston oltin dalasi", "Baxriddin bobo avlodlari", G`uzor tumanidagi "Bobur Isroilovich", "Abdimuminov Davronbek", "Tursunpulat Daminov", Qarshi tumanidagi "Choriev Mardon Nomozovich", "Sodikov Xamza Baxromovich", "Boymurodov Toshpulat", Qamashi tumanidagi "Javlonbek sifat  invest", "Xaqqi o`g`li Ilxom" va Koson tumanidagi "Shodi Saidov", "Samandar Nur Diyor" hamda "Yuksalish Agro Fayz Sanoat" ferier xo`jaliklari dalalarida hosil 75-80 sentnerni tashkil qildi.  

Shuningdek, urug`lik don topshirish ishlarida ham voha mehnatkashlari faol. Ular mavsum boshidan 31505 tonna urug`lik don topshirib, yuqori o`rinlarda ketmoqda (90%). Bu natijalarda Nishon (107.4), Qarshi (107.3) va Yakkabog` (104.4%) tumanlari g`allakorlarining hissasi katta.

Viloyati g`allakorlari tomonidan bugungacha davlatga 370 000 tonnaga yaqin shartnomaviy va urug`lik don topshirganini hisobga olsak, bu ko`rsatgich o`tgan yilga nisbatan 50 ming tonnadan ziyod ekanligini ko`rsatmoqda.  

Shu bilan birga, g`alladan bo`shagan maydonlarni aholiga, ayniqsa, yoshlarga berish orqali suvsizlikka chidamli va kam suv talab qiladigan sabzavot, poliz, kartoshka, sholi, dukkakli, moyli ekinlar navlari va duragaylarini takroriy ekin sifatida ekish boshlab yuborilgan. 

 

Boshqa yangiliklar