2020-2021 yillarda byurokratiya va qog`ozbozlikni qisqartirish maqsadida aholi va tadbirkorlardan 73 turdagi hujjat va ma`lumotnomalarni talab qilish bekor qilindi, zaruratga ko`ra ushbu hujjat va ma`lumotlarni davlat organlari tomonidan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integrasiyalashuv platformasidan foydalangan holda olish amaliyoti joriy etildi.
Birgina mazkur 73 ta hujjatlarni aholidan talab qilinishi bekor qilinishi natijasida yiligi 15 mln.dan ortiq aholini turli idoralarga borish va kutish bilan bog`liq ovoragarchiligiga chek qo`yildi. Ularning ushbu idoralarga borish-kelish bilan bog`liq 200 mlrd so`mdan ortiq mablag`lari tejalishiga erishildi.
Aholimizga qulaylik yaratish, ularning sarson bo`lib yurishini oldini olish maqsadida Prezidentimiz tashabbuslari bilan muhim hujjatlar qabul qilinmoqda.
Shubhasiz O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “byurokratiyani tomiriga bolta urgan” muhim hujjatlar biri bu 2021 yil 23 martda qabul qilingan “Aholi va tadbirkorlik sub`ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to`siqlarni qisqartirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PF–6191-son Farmonidir.
Farmoni bilan tasdiqlangan Ayrim turdagi davlat xizmatlarini ko`rsatish tartib-taomillarini soddalashtirish va optimallashtirish bo`yicha “yo`l xaritasi”ning 9-bandida Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligiga, Xalq ta`limi vazirligiga hamda tizimida ta`lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarga 2021 yil may oyiga qadar ta`lim muassasalarini tugatganda yoki o`qishni bir ta`lim muassasasidan boshqasiga ko`chirganda aylanma varaqani to`ldirish amaliyotini bekor qilish, bunda, vazirlik va idoralarning ichki hujjatlarini muvofiqlashtirish, ta`lim muassasalari tomonidan o`quvchi-talabalar ta`lim muassasasini tugatganda yoki ko`chirganda ta`lim muassasasi ichida turli majburiyatlar bajarilganligi to`g`risidagi hujjatlarni (to`lov shartnomasi bo`yicha majburiyat bajarilganligi, axborot resurs markazidan qarzi yo`qligi, o`quv bo`limidan akademik qarzdor emasligi, talabalar turar joyidan qarzdor emasligi kabilar) ichki idoralararo elektron hamkorlik yoki o`zaro axborot almashinuvi yo`li bilan olish evaziga o`quvchi-talabalardan talab qilishni bekor qilish bo`yicha kompleks tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuklatilgan.
Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi tomonidan 2021 yil 28 aprelda Adliya vazirligiga taqdim etgan 84-01-505-son xatida Farmonda yuklatilgan mazkur vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirining 2021 yil 31 maydagi 241-son buyrug`i qabul qilinganligi, buyruq bilan barcha davlat oliy ta`lim muassasalarida 2020/2021 o`quv yilidan boshlab talabalar ta`lim muassasasini tugutganda yoki o`qishini ko`chirganda ta`lim muassasasi ichida turli majburiyatlar bajarilganligi to`g`risidagi ayilanma varaqani to`ldirish amaliyoti bekor qilinganligi va zaruratga ko`ra Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining “HEMIS” axborot tizimida tashkil etilgan “aylanma varaqa” moduli asosida elektron shaklda amalga oshirish yo`lga qo`yilganligi ma`lum qilingan.
Biroq, o`tkazilgan tahlillar va ommaviy axborot vositalarida e`lon qilinayotgan maqolalar ayrim oliy ta`lim muassasalari tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonida belgilangan talablar bajarilmayotganligini hamda Farmon talabiga zid ravishda aholidan ortiqcha va asossiz hujjatlar talab qilinayotganligini ko`rsatdi.
Xususan, joriy yilning 11 iyul kuni e`lon qilingan “Engilmas byurokratiya: OTMlarda bitiruvchilardan “obxodnoy” to`ldirish talab qilinmoqda” nomli maqolada ayrim oliygohlarda bitiruvchilardan “aylanma varaqa” to`ldirish talab etilayotganligi, jarayonni raqamlashtirish topshirig`i bajarilmaganligi, talabalar eshikma-eshik sarson bo`layotganligi e`lon qilingan.
Oliy ta`lim muassasalarining talablardan “aylanma varaqa”ni barchadan birdek “qog`oz shaklda” to`ldirib kelishni talab qilishi noto`g`ri va Farmon talablariga nomuvofiq hisoblanadi.
Adliya vazirligi tomonidan mazkur holatlar tahlil qilinib, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligiga O`zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–6191-son Farmonida belgilangan talablar ayrim oliy ta`lim muassasalari tomonidan bajarilmayotganligini ko`rsatib, qisqa muddatda Farmonda yuklatilgan vazifalar ijrosini so`zsiz ta`minlashchoralarini ko`rish, bu bo`yicha barcha davlat oliy ta`lim muassaslariga ko`rsatmalar kiritish to`g`risida taqdimnoma kiritilmoqda.
Adliya vazirligi barcha oliy ta`lim muassasalarini hamda tizimida ta`lim muassasalari mavjud bo`lgan vazirlik va idoralar rahbarlarini aholini ovora qilmaslikka, ulardan qonunchilik hujjatlarida belgilanmagan hujjatlarni, shu jumladan “aylanma varaqa”ni qog`oz shaklda to`ldirishni talab qilmaslikka, Farmonda belgilangan talablar ijrosini so`zsiz ta`minlashga chaqiradi. Shuningdek, aholidan asossiz va ortiqcha hujjat talab qilinishi yoki ularning ovoragarchiligiga yo`l qo`yilishi mansabdor shaxslar uchun javobgarlikni keltirib chiqarishi to`g`risida ogohlantiradi.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo`lim






