Qashqadaryo viloyatida faoliyat yurituvchi “Kinder” (nomi o`zgartirilgan) nodavlat maktabgacha ta`lim muassasasi (NMTM) qo`llanilgan ta`sirchan soliq mexanizmidan norozi bo`lib Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Ma`lum bo`lishicha, Kasbi tuman hokimligi tomonidan tasdiqlangan tarmoq jadvaliga ko`ra NMTMning faoliyati joriy yilning iyul oyida yo`lga qo`yilishi belgilangan.
Lekin mazkur tarmoq jadvali inobatga olinmagan holda, ishchi guruh tomonidan nodavlat ta`lim muassasi tashkil qilish rejalashtirilgan ob`ektga nisbatan 50,1 million so`mlik ta`sirchan soliq mexanizmi qo`llanilgan.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 666-son qaroriga muvofiq, xatlovdan o`tkazish vaqtida belgilangan muddatda tugallanmagan qurilish ob`ektlari, bo`sh turgan binolar, yashash uchun mo`ljallanmagan inshootlar, shuningdek, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari umumiy maydonining 50 foizidan ko`prog`idan tovarlar ishlab chiqarishda (ishlar bajarish, xizmatlar ko`rsatish) foydalanilmay kelingan bo`lsa, bo`sh turgan ob`ektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari sifatida e`tirof etilishi belgilangan.
Biznes-ombudsmanning aralashuvi natijasida tadbirkorga nisbatan noto`g`ri qo`llanilgan 50,1 million so`mlik ta`sirchan soliq mexanizmi bekor qilindi.






