O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 13 iyul kuni Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisi raisi Muhammad Bagir Qolibof boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.
O`zbekiston bilan Eron o`rtasidagi ko`p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari O`zbekiston va Eron o`rtasidagi o`zaro manfaatli hamkorlikni yuqori sur`atda davom ettirish va ustuvor yo`nalishlarda kengaytirishga xizmat qilayotgan faol muloqotlar va sermahsul almashinuvlarni mamnuniyat bilan qayd etdi.
Savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlik ko`rsatkichlari o`sayotgani kuzatilmoqda – joriy yil boshidan tovar ayirboshlash 40 foizga, qo`shma korxona va loyihalar soni 360 tadan oshdi. Fevral oyida Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig`ilishi hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va etakchi korxonalari vakillari ishtirokida biznes forum muvaffaqiyatli o`tkazildi. Kelgusi oylarda qator muhim ikki tomonlama tadbirlar o`tkazilishi rejalashtirilgan.
Islomiy Kengash Majlisi raisi O`zbekiston etakchisiga Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazib, Eron tomoni do`st davlatlarimiz o`rtasidagi keng ko`lamli munosabatlarni mustahkamlash va amaliy mazmun bilan boyitish borasida qat`iy ekanini ta`kidladi.
Muzokaralarda o`zaro savdo hajmining oshishi uchun qulay sharoitlarni shakllantirish, transport va logistika sohasidagi qo`shma loyihalarni ilgari surish, ilmiy-texnik almashinuv dasturlarini amalga oshirish, hududlar va tadbirkorlar o`rtasidagi aloqalarni faollashtirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Kelishuvlarni amalga oshirish va o`zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli loyihalarini ilgari surish maqsadida samarali parlamentlararo muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.
Afg`onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi. Ushbu mamlakatda uzoq muddatli tinchlikka erishish va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi yo`lidagi ko`makni kengaytirish muhim ekani qayd etildi.
Bundan tashqari, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari, shu jumladan joriy yil sentyabr oyida Samarqand shahrida o`tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining kun tartibi ko`rib chiqildi.