"Biz mintaqada mutlaqo yangi konstruktiv hamkorlik muhitini yaratishga erishdik". Shavkat Mirziyoev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvida nutq so`zladi

Siyosat 21.07.2022, 11:55
"Biz mintaqada mutlaqo yangi konstruktiv hamkorlik muhitini yaratishga erishdik". Shavkat Mirziyoev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvida nutq so`zladi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to`rtinchi maslahat uchrashuvida nutq so`zladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Davlatimiz rahbari nutqi avvalida Qirg`iziston Prezidentiga samimiy qabul va sammitni a`lo darajada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirdi. Maslahat uchrashuvida ilk bor ishtirok etayotgan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovni qutladi.

“Bugun qayta-qayta ta`kidlanganidek, ushbu formatda yo`lga qo`yilgan muloqot tufayli biz do`stlik va yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga, mintaqada mutlaqo yangi konstruktiv hamkorlik muhitini yaratishga erishdik. Biz Markaziy Osiyoning xavfsizligi va barqarorligini, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta`minlash bo`yicha murakkab vazifalarni izchil hal etib kelmoqdamiz.

Bu yo`lda ko`plab to`siqlar olib tashlandi, fuqarolarimizning erkin harakatlanishi, faol madaniy va sayyohlik almashinuvi uchun sharoitlar yaratildi.

O`zaro savdo va investisiyalarning o`sishiga xizmat qiluvchi qulay muhit shakllandi.

Birgina so`nggi besh yilning o`zida viloyatlararo tovar ayirboshlash hajmi ikki baravar oshdi.

Shuningdek, qo`shma sanoat kooperasiyasi loyihalarini amalga oshirish, samarali qo`shilgan qiymat zanjirlarini yaratish, transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirishga kirishdik.

Eng muhimi, qardosh xalqlarimiz ana shu ijobiy o`zgarishlarning barchasini his qilyapti”, dedi Shavkat Mirziyoev.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1