AsosiyShou-biznes

Yulduzi yulduziga to`g`ri kelmagan yulduzlar

Ko`pchilik er-xotin bitta sohada ishlasa, bir-birini tushunadi, kezi kelganda qo`llab-quvvatlaydi deb o`ylaydi. Qarangki, ba`zan oila mustahkamligini bir sohada faoliyat  yuritish ham , qiziqishlar o`xshashligi ham saqlab qololmas ekan... Bu haqda “7x7” gazetasi yozadi.

O`zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov va Klara Jalilovaning oila qurganini ko`pchilik bilmasa kerak. Sababi yosh oila uzoq vaqt o`tmay ajrashib ketgan. Ijodkorlar oilasini Furqat ismli o`g`illari ham saqlab qololmagan.

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Nilufar Saidova hamda bastakor Sultonali Rahmatovning oila qurgani katta shov-shuvga sabab bo`lgan edi. Iqtidorli ijodkorlar o`n yilga yaqin birga yashab, qandaydir sabab bilan ajrashib ketishdi. Hatto Farina va Safina ismli qizaloqlar ham oila mustahkamligini ta`minlay olmadi.

O`zbekiston xalq artisti Baxtiyor Ixtiyorovning ilk turmush o`rtog`i kimligini bilasizmi? U aktrisa Maryam Ixtiyorova bilan turmush qurgan. Ularning Xumora ismli qizlari ham bor. Ammo bu ikki ijodkor ham ko`p vaqt o`tmay ajrashgan. Maryam Ixtiyorova qaynotasining iltimosiga binoan kelinlik familiyasidan voz kechmagan.

Bugungi kunda AQShda yashab, Rossiyada ijod qilayotgan, minglab muxlislar qalbini zabt etgan, Zokirovlar sulolasi davomchisi Nargiz Zokirova o`zbek xonandasi Ruslan Sharipov bilan oila qurgan edi. O`sha yillari ikki ijodkor baxtdan sarmast bo`lib, hatto rus tilida “Nikoh uzugi” nomli qo`shiqni ham ijro etishgandi. Ko`p o`tmay esa ajrashishga qiror qilishadi. Ularning qizi Sabina Toshboeva ham AQShda oila qurib, farzandli bo`lgan.  

Rayhon va Yigitali Mamajonovning oila qurganidan ko`ra, ajrashishi ko`proq shov-shuvga sabab bo`ldi. Ular allaqachon ajrashgan bo`lsa-da, ammo shaxsiy hayotlari hamon ommaning diqqat markazida. Muhokamayu mish-mishlar davom etayotir. Yigitali ikki o`g`liga bo`lgan mehrini faqat ijtimoiy tarmoqlar orqaligina izhor etadi.

Sharof Muqimov va Sevinch Mo`minovaning shov-shuvli to`yi yodingizdami? Ikki ijodkorning visol oqshomi yorqin lahzalarga boy bo`lgandi. Afsuski, bu ikki yosh allaqachon bir-biridan ayro yashaydi. Ammo ular hozirgacha rasman ajrashmagan. Qaniydi, qizlari Leyla uchun yarashib, to`kis oila bo`lib yashashsa...

Boshqa yangiliklar