Mamlakatimizda so`nggi yillarda so`z erkinligiga juda katta e`tibor qaratilmoqda. Zero, har bir fuqaroning so`z erkinligi Konstitusiyamizda aniq belgilab o`tilgan. So`z erkinligisiz inson huquqlarini himoya qilish mumkin emas. Asosiy qomusimizning 29-moddasida ham “Har kim o`zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega” ekanligi ta`kidlab o`tilgan. Bundan tashqari, bugungi kunda Konstitusiyaning yangi tahriridagi loyihasida ham so`z erkinligiga alohida to`xtalib o`tilgan.
To`g`ri, so`z erkinligining borligi juda yaxshi albatta, ammo so`z erkinligi bo`yicha huquqim bor deb, bu borada majburiyatimiz ham borligini unutmasligimiz lozim. Shu o`rinda Fransiya imperiyasida VII asrdan buyon aktual bo`lib kelgan “sening huquqlaring boshqa bir fuqaroning huquqlari boshlangan joyda tugaydi” degan iborasini qo`llash o`rinli bo`ladi.
Chunki so`z erkinligi boshqa bir shaxsning qonun bilan qo`riqlanadigan huquq va manfaatlarini cheklashi yoki buzishi mumkin emas.
Bugungi kunga kelib, internet va uning auditoriyasi boshqa ommaviy axborot vositalariga nisbatan solishtirilsa, tez sur`atlarda o`sib bormoqda. Butunjahon internet tarmog`idagi har bir ma`lumot, u hoh ijobiy yoki salbiy bo`lsin, jamiyatda qizg`in muhokama qilinmoqda. Mazkur jarayonda urush, zo`ravonlik va terrorizm, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g`oyalarini targ`ib qilish, davlat siri bo`lgan ma`lumotlarni oshkor etish, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo`zg`atuvchi, shuningdek fuqarolarning sha`ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro`siga putur etkazuvchi, tahqirlovchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo`l qo`yuvchi axborotni tarqatish, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni, pornografiyani targ`ib qilish kabi qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikni keltirib chiqaruvchi axborotlar va ularga yozilayotgan sharhlarni ommaviy tarqalib ketishi va axborot xavfsizligiga rahna solishining oldini olish asosiy maqsad hisoblanadi.
“Xo`sh, bunday holatlarda qanday yo`l tutiladi?” degan savolga quyidagi tarzda javob beramiz:
Yurtimizda axborot sohasini tartibga solib turuvchi 20 dan ortiq normativ huquqiy hujjat mavjud bo`lib, ular doimiy ravishda bugungi kun talablaridan kelib chiqib, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tashabbusi bilan mukammallashtirilib, yuqori turuvchi davlat organlari orqali qabul qilinishiga erishiladi.
Jumladan, O`zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to`g`risida”gi qonunining 12-1-moddasida hamma erkin foydalanishi mumkin bo`lgan axborotni Internet jahon axborot tarmog`ida tarqatish tartibi belgilanib o`tilgan, mazkur moddada tarqatilishi mumkin bo`lmagan axborotlar ro`yxati ham keltirib o`tilgan. Masalan, O`zbekiston Respublikasining mavjud konstitusiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo`rlik bilan o`zgartirishga da`vat etish; jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg`on axborot tarqatish; urush, zo`ravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g`oyalarini targ`ib qilish; davlat sirlarini yoki qonun bilan qo`riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma`lumotlarni oshkor etish; milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo`zg`atuvchi, shuningdek fuqarolarning sha`ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro`siga putur etkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo`l qo`yuvchi axborotni tarqatish; jamiyatga, davlatga, davlat ramzlariga hurmatsizlikni namoyon etuvchi, shu jumladan beodoblik bilan ifodalangan axborotni tarqatish; giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni va prekursorlarni targ`ib qilish;pornografiyani, zo`ravonlikni va shafqatsizlikni targ`ib qilish, shuningdek o`z joniga qasd qilishga da`vat etish va boshqalar.
O`z o`rnida, bunday axborotlarni tarqatganlik uchun tegishli tartibda ma`muriy va jinoiy javobgarliklar mavjud. Ammo masalaning ikkinchi tarafi ham bor. Biz bilamizki, Internet foydalanuvchilarining soni bugungi kunda yildan-yilga ko`payib, axborot tarqatish darajasi oshib bormoqda. Qonunga zid bo`lgan axborotni tarqatayotgan har bir manbani javobgarlikka tortish qiyinchilik tug`dirishi tabiiy hol.
Axborot makonidagi tajribamdan kelib chiqib shuni aytishim mumkinki, to`g`ri axborotdan ko`ra yolg`on axborot juda tez va ommabop tarqaladi. Chunki yolg`on axborot tayyorlashda odamlarning asabiga tegadigan yoki odamlarning xohishlarini bildiruvchi ma`lumotlardan keng foydalaniladi. Natijada yolg`on axborot ommalashib, har xil yomon oqibatlar yuzaga kelishi, turli xil kuchlar va guruhlar tomonidan dezinformasiya ta`siri, turli manipulyasion usullardan foydalangan holda soxta yangiliklar, shuningdek, jamoatchilik pozisiyalarini muvofiqlashtirish va keyingi harakatlarni boshqarishga urinishlar yuzaga kelishi mumkin.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan har bir yolg`on xabar tarqatgan shaxsni javobgar qilishdan ko`ra bunday yolg`on xabarlarni tarqatilishining oldini olish maqsadga muvofiq deb hisoblayman. Mamlakat qonunchiligida yolg`on xabarlar yoki qonunga zid axborotlarni o`chirish tartibi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 sentyabridagi “butunjahon internet tarmog`ida axborot xavfsizligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 707-sonli qarorida ko`rsatilgan.
Mazkur qarorda veb-sayt, veb-sayt va (yoki) messenjer sahifasi egasi, shuningdek blogerga O`zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotni olib tashlash to`g`risida xabarnoma yuborish tartibi belgilangan.
Bunday amaliyot jahonning ko`plab davlatlarida qo`llanib kelinadi. Masalan, Fransiya davlatida 2009 yilda mazkur yo`nalish bo`yicha “HADOPI” qonunlari qabul qilingan bo`lib, unga ko`ra, qonun normalarini buzgan shaxslar veb-sayti, ijtimoiy tarmoq sahifalari cheklanib, ularni ma`lum bir miqdorda jarimaga tortish amaliyoti qo`llaniladi. O`zbekiston Respublikasida esa hech qanday jarima qo`llanilmaydi, aksincha, veb-sayt va (yoki) veb-sayt sahifasida joylashtirilgan axborotga ushbu veb-sayt foydalanuvchilari tomonidan qoldirilgan sharhlar matnida, shuningdek ijtimoiy tarmoqlar yoki messenjerlarda O`zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotlar aniqlangan holatda veb-sayt, veb-sayt va (yoki) messenjer sahifasi egasi, shuningdek blogerga ushbu axborotlarni olib tashlash to`g`risida xabarnoma yuborilib, bartaraf etiladi.
Shuni aytishimiz mumkinki, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tomonidan Internet OAV va blogerlar bilan doimo hamkorlikda faoliyat olib boradi. O`z navbatida, Internet OAV va blogerlar Agentlik tomonidan yuborilgan xabarnomalarga tezkorlik bilan munosabat bildirishi ta`minlanib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etiladi.
Bugungi kunda Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda huquqbuzarliklarni oldini olish va axborot makonida qonunga zid kontentga qarshi kurashish maqsadida “Telegram” messenjerida “@stop_kriminal_bot”, “@stopnarko_bot” hamda “@StopNarkotikUzBot”lari ishga tushirildi.
Ta`kidlash joizki, fuqarolardan “@stopnarko_bot” mahsus telegram bot kanaliga kelib tushayotgan murojaatlarning monitoringi jarayonida Agentlik tomonidan joriy yilning yanvar-iyun oylarida «Telegram» messenjerida noqonuniy faoliyat olib boruvchi 987 tadan 851 ta kanal va akkaunt o`chirildi (kontent umumiy hajmining 86%). “@stopnarko_bot” maxsus telegram bot kanali ishga tushirilganidan buyon (2021 yil aprel oyi) shu kabi 1226 tadan 1068 ta telegram resurslari faoliyati cheklanishiga erishildi.
Mazkur yutuqlarda albatta ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning hissasi katta. Chunki befarq bo`lmagan holda qonunbuzilish holatlari yuzasidan tegishli davlat organlarini xabardor qilish orqali Internet jahon tarmog`ida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan noqonuniy faoliyatlarga chek qo`yib kelinmoqda.
Xulosa o`rnida shuni aytish mumkinki, barchamiz, ya`ni fuqarolardan tortib davlat organlarigacha birgalikda, hamkorlikda ishlagan taqdirdagina, qonunga zid axborotlar tarqatilishining oldini olishga erisha olamiz.
Ulug`bek Kurbanbaev,
Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi,
Axborot siyosati boshqarmasi, bo`lim boshlig`i