Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov joriy haftada davlat rahbari ishtirokida bo`lib o`tadigan tadbirlar haqida ma`lum qildi, deya xabar bermoqda "darakchi.uz" muxbiri.
Jumladan, Toshkent shahrida O`zbekiston, Turkiya va Ozarbayjon tashqi ishlar, savdo hamda transport vazirlarining uch tomonlama uchrashuvi bo`lib o`tadi. Bu formatdagi uchrashuv ilk marotaba bo`lmoqda. Muzokaralar kun tartibidan mintaqalararo hamkorlikni, investisiya, innovasiya va transport-kommunukasiya sohalaridagi aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari o`rin olgan.
Prezident Shavkat Mirziyoev unda ishtirok etish uchun mamlakatimizga keladigan Turkiya tashqi ishlar vaziri Mexmet Chovushoglu hamda Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyxun Bayramovni qabul qilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, davlat rahbari 28 iyuldan beri mamlakatamizda bo`lib turgan Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchiliklar masalalari bo`yicha komissari Qayrat Abdurahmanovni qabul qiladi.
Bundan tashqari, hafta davomida mamlakatimizni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga qaratilgan yig`ilish va muhokamalar o`tkaziladi.






