DXX tomonidan katta miqdordagi narkotik moddalar musodara qilindi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo`yicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan Paxtachi tumanidagi “Samarqand muntazam” YPX maskanida “Spark” rusumli avtomashina to`xtatilib, ko`zdan kechirildi.
Natijada, avtomashinada Urgut va Oqdaryo tumanlarida yashovchi, 1991 y.t. 2 nafar fuqaro ketayotganligi ma`lum bo`lib, ularning yonida 10 kg “opiy” giyohvand moddasi borligi aniqlandi va o`rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ular Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo`li bilan olib kelingan ushbu ajal og`usini Xorazm viloyatida sotishni rejalashtirishgan.
Surxondaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa Termiz tumanida yashovchi, 1983 va 1986 yillarda tug`ilgan 2 nafar fuqaro 2 kg. 60 gr “opiy” moddasini 40 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida DXX xodimlari tomonidan qo`lga olindi.
Shuningdek, ular Tojikiston Respublikasidan keltirilgan ushbu giyohvandlik vositasini Termiz shahrida istiqomat qiluvchi, 1989 y.t. fuqarodan 28 ming AQSh dollariga sotib olganliklari aniqlanib, u ham ushlandi.
DXX Sirdaryo viloyati bo`yicha Boshqarmasi xodimlari va Chegara qo`shinlari harbiy xizmatchilari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbirda “Bekobod-Guliston” yo`nalishida harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli avtomashina Boyovut tumanida to`xtatilib, ko`zdan kechirilganda, unda yo`lovchi sifatida ketayotgan, Tojikiston Respublikasi fuqarosi bo`lgan, 1964 y.t. shaxs yonida 1 kg “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Aniqlanishicha, u mazkur narkotikni Qozog`iston Respublikasiga o`tkazishni rejalashtirgan.
Farg`ona shahrida yashovchi, 1988 y.t. Tojikiston Respublikasi fuqarosi esa o`zining shar`iy nikohidagi turmush o`rtog`i bo`lgan, 1992 y.t. ayol bilan Surxondaryo viloyatining Denov tumaniga borib, Tojikiston Respublikasidagi narkosavdogardan 11 ming AQSh dollariga sotib olingan 976 gr. “opiy” va 994 gr. “gashish” giyohvand moddalarini kontrabanda yo`li bilan mamlakatimiz hududiga o`tkazadi. So`ngra ular narkotik moddalarni olib qaytayotgan vaqtlarida Marg`ilon shahrida DXX Farg`ona viloyati bo`yicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.
Boshqa holatda esa Yozyovon tumanidan Marg`ilon shahri tomon harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina to`xtatilib, ko`zdan kechirildi. Natijada, unda yo`lovchi sifatida ketayotgan, Marg`ilon shahrida yashovchi, 1979 va 1983 yillarda tug`ilgan, muqaddam sudlangan 2 nafar fuqaroning yonidaQirg`iziston Respublikasidan olib kelingan 698 gr. “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
DXX Toshkent viloyati bo`yicha Boshqarmasi hamda viloyat bojxona Boshqarmasi xodimlari tomonidan Bekobod shahrida o`tkazilgan tezkor tadbirda esa Tojikiston Respublikasi So`g`d viloyati Mastchoh tumanida yashovchi, 1977 y.t. shaxs 1 kg 961 gr “gashish” moddasini shartli xaridorga sotgan vaqtida qo`lga olindi.
Bu yo`nalishda DXX Namangan viloyati bo`yicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan ham viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda Yangiqo`rg`on tumanida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtomashina to`xtatilib, tekshiruvdan o`tkazildi.
Natijada, unda yo`lovchi sifatida ketayotgan, Namangan shahrida yashovchi, 1966 y.t. fuqaroning yonida 968 gr. “gashish” moddasi borligi ma`lum bo`ldi. Aniqlanishicha, u mazkur narkotik moddani Qirg`iziston Respublikasidagi tanishidan 7 ming AQSh dollariga sotib olib, uchinchi shaxslar imkoniyatlari orqali Yangiqo`rg`on tumani hududiga kontrabanda yo`li bilan o`tkazgan.
O`tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 14 kg 734 gr. “opiy” va 3 kg 923 gr. “gashish” moddalari musodara qilindi. Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






