2030 yilga kelib, jahonda xavfli saraton kasalliklariga chalingan bemorlar soni 23,6 millionga etadi. O`zbekistonda ham har yili ko`plab insonlarda ushbu xastalik aniqlanadi. Ularning 900 nafardan ortig`i xavfli suyak o`sma kasalliklariga chalingan bemorlar bo`lib, bunda bolalarning ulushi 7 foizni tashkil qiladi. SSV matbuot xizmati ana shunday xastalikka chalingan bemorda o`tkazilgan amaliyot haqida xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, Farg`ona viloyati Qo`qon shahrida yashovchi 14 yoshli M.A. ana shu xastalikni boshidan o`tkazgan o`smirlardan. Yaqinlarining aytishicha, so`nggi tibbiy tekshiruvlardan so`ng unga xavfli suyak o`smasi tashxisi qo`yilgan.
Shundan so`ng bemorning ota-onasi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga murojaat qilgan.
Kuni kecha ushbu markazda ilk bor rossiyalik va mahalliy shifokorlar hamkorligida mazkur bemorda o`suvchi endoprotezlash amaliyoti o`tkazildi.
— Bu operasiya chap son suyagi pastki uchligi sohasining rivojlangan xavfli o`sma kasalligida tizza-bo`g`inni endoprotezlash amaliyoti hisoblanadi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo`lim boshlig`i Tojiddin Mustafoev. — To`g`ri, shu paytga qadar yurtimizning qator tibbiyot muassasalarida shunga o`xshash operasiyalar o`tkazilgan, biroq bugungi jarrohlik amaliyotining farqli tomoni, unda bemorga o`rnatilgan endoprotez cho`zilish xususiyatiga ega. Ya`ni, uning afzalligi operasiyadan keyin moslamani uzaytirish imkoni mavjud.
Mutaxassislarning ta`kidlashicha, mazkur protez bemor organizmining o`ziga xosligidan kelib chiqqan holda individual tarzda tayyorlanadi. Qolaversa, moslama o`smir organizmi rivojlangani sari unga uyg`un ravishda o`sib boradi.
Natijada bola ulg`ayganda ham unda qo`l yoki oyoqning kaltaligi kabi nuqsonlar kuzatilmaydi.






