Hindistonning Uttarakxand shtatida joylashgan Naynital shahridagi mehmonxonalardan birida yarim kechasi kelin-kuyov yotgan xonaning derazasini yovvoyi qoplon sindirib, ichkariga bostirib kirdi, deb xabar berdi “Vesti.ru” nashri.
Fojia bilan yakun topishi mumkin bo`lgan hodisa, kelin-kuyovning qo`rqib ketganini hisobga olmaganda, yaxshilik bilan tugagan.
Oynani sindirib, chaqmoq misol bostirib kirgan qoplon o`zini vannaxonaga urgan. Sumit Ratxore va uning rafiqasi darrov vannaxona eshigini berkitib, polisiyaning kelishini kutgan. Etib kelgan polisiyachilar qoplon itlarning vovullashidan cho`chib ketib, mehmonxona derazasini sindirib kirganini aniqlagan.
Yirtqich jangsiz taslim bo`lishga ham ko`nmagan. Polisiyachilar qoplonni uxlatib, katakka solib, olib chiqmoqchi bo`lishgan, ammo u qochib, o`rmonga yashirinishga muvaffaq bo`lgan.
Ijtimoiy tarmoqqa voqea joyida suratga olingan qoplonning rasmi va video lavhalar joylashtirilgan.





