Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining hududiy tuzilmalari xodimlari tomonidan respublikadagi 190 dan ortiq bozorlar o`rganildi. Bu haqda agentlik Matbuot xizmati xabar bermoqda.
O`rganishlarda qo`llanilayotgan olti mingga yaqin (5981) tarozi asboblaridan 1474 tasi (24% hollarda) foydalanishga yaroqliligi tasdiqlanmadi. Ularda o`z vaqtida ko`rikdan o`tkazilganligini tasdiqlovchi belgi mavjud emas. Bunday tarozilar me`yorda xizmat ko`rsata olmasligi mumkin, o`lchovlarning aniqligi ham kafolatlanmagan.
Ta`kidlanishicha, Agentlikka iste`molchilar tomonidan xarid qilish chog`ida tarozilarning noto`g`ri o`lchayotganligi yuzasidan shikoyatlar kelib tushmoqda. Iste`molchi tomonidan sotib olingan mahsulotlar qayta tortib ko`rilganida vazni kam chiqqani ma`lum bo`lgan.
Agentlikning hududiy tuzilmalari tomonidan o`tkazilgan o`rganishlar davomida sotuvchilar tomonidan tovarlarni savdo davomida tarozilarni o`rnatish talablari buzilgani ham aniqlandi. Xaridorlar tarozilar o`rnatilgan joy atrofi turli tovarlar yoki inventarlar bilan to`sib qo`yilgani bois o`lchab tortish jarayonni kuzatishning iloji bo`lmagan.
Agentlik tomonidan o`tkazilgan o`rganish natijalari Xorazm viloyatidagi “Qo‘shko‘pir dehqon bozor” MChJda tarozi jihozlari holati ayanchli ekanligi, bu erdagi mavjud savdo ob`ektlari umumiy sonining atigi 2 foizigina savdo markazlari vazn tarozilari bilan jihozlangan, xolos.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Nukus shahridagi “Nukus dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli dehqon bozorida faoliyat ko`rsatayotgan umumiy savdo markazlari va shoxobchalarining (1036 ta) bor-yo`g`i 15 foizi (159 ta) da tarozilar bor.
Andijon viloyati Asaka tumani dehqon bozori “Asaka dehkon bozori” mas`uliyati cheklangan jamiyatida tarozilar bilan jihozlanish darajasi atigi 5 foizni tashkil etadi.
Ma`lumot o`rnida:O`zbekiston Respublikasi “Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi Qonunining 4-moddasiga ko`ra, iste`molchi ish, xizmatlar, shuningdek ijrochi, sotuvchi to`g`risida ishonchli va to`liq ma`lumot olish huquqiga ega. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 avgustdagi 253-son qaroriga asosan, Savdo operasiyalari o`lchash-tortish vositalaridan (tarozilar, tarozi toshlari, o`lchovli sig`imlar, metrlar va boshqalardan) foydalangan holda amalga oshiriladigan bozorlarda metrologik qoidalar va normalar talablariga muvofiq bo`lgan o`lchov anjomlari mavjud bo`lishi shart.
Tarozilar va boshqa o`lchov anjomlari sotuvchining ish joyida tortib ko`rish, qiymatini aniqlash va tovarni berish bo`yicha barcha jarayonlarning ko`rinib turishi ta`minlangan holda o`rnatilishi kerak.