1

JSST: Nevrologik kasalliklar yiliga 9 million bemorning o`limiga sabab bo`lmoqda

Dunyo 10.08.2022, 15:17
JSST: Nevrologik kasalliklar yiliga 9 million bemorning o`limiga sabab bo`lmoqda

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti inson miyasi salomatligini ta`minlash bilan bog`liq navbatdagi hisobotini e`lon qildi. Unda keltirilishicha, dunyo bo`yicha har uch kishidan birida hayotining qaysidir qismida ma`lum turdagi nevrologik kasalliklar rivojlanadi.

 Xavotirli jihati, bu holat nogironlikni keltirib chiqaruvchi eng asosiy omildir. Qolaversa, erta o`limga olib keluvchi sabablar orasida ikkinchi o`rinda qayd etiladi.

Masalan, insult, migren, demans va meningit oqibatida jahonda har yili to`qqiz millionga yaqin odam hayotdan ko`z yumishi hisob-kitob qilingan.

— Chunki miya — inson tanasidagi eng murakkab a`zo, — deydi  JSST vakili doktor Ren Mingxi. — U orqali borliqni his qilamiz. Fikrlash, harakat, muloqot qilish qobiliyati ham shu nozik organning sharofati.

Bundan tashqari, miya ko`plab hayotiy funksiyalar, jumladan, yurak-qon tomir, nafas olish, endokrin va immun tizimlarini tartibga soladi. Ammo umr davomida ko`plab xavfli omillar miya salomatligi uchun jiddiy xavf tug`dirishi mumkin. Ularning ba`zilari alal-oqibat nogironlik va erta o`limni keltirib chiqaradi.

 Ma`lumotlarga ko`ra, past va o`rta daromadli mamlakatlardagi besh yoshgacha bo`lgan bolalarning 43 foizi, ya`ni 250 millionga yaqin o`g`il-qiz aqliy salohiyatini rivojlantirish imkoniyatidan mahrum.

 Shu ma`noda, JSSTning yuqorida qayd etilgan hisoboti ushbu organ faoliyatini yanada chuqurroq tadqiq qilish hamda epilepsiya va boshqa nevrologik kasalliklarga qarshi kurashish borasida global sa`y-harakatlarga turtki beradi.

Hujjatda miya salomatligiga ta`sir qiluvchi omillarning besh asosiy guruhi keltirilgan:

  •  salomatlik;
  •  sog`lom muhit;
  •  xavfsiz muhit;
  •  ta`lim va ijtimoiy aloqalar;
  •  sifatli xizmatlardan foydalanish imkoniyati.

JSSTning xulosasiga ko`ra, ushbu omillarning muvozanatli kombinasiyasi ko`plab nevrologik va psixiatrik kasalliklarning oldini olish, qolaversa, psixotrop moddalar iste`molini keskin kamaytirishga xizmat qiladi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1