Zangiota tumanidagi Nazarbek shaharchasi hududidan o`tgan temiryo`l va avtomobil yo`llari kesishmasida yangi yo`l o`tkazgich – ko`prik qurilishi boshlandi.

Loyiha doirasida umumiy uzunligi 398 metr, kengligi 22 metr, ko`prikosti balandligi esa 7 metr bo`lgan tonnel tipidagi yo`l o`tkazgich quriladi. Ikkinchi bosqichda tonnel ustidan o`tuvchi 3 izli, uzunligi 32,25 metr, kengligi 18,5 metrli, sxemasi 2x13 bo`lgan temiryo`l ko`prigi barpo etiladi. Shuningdek, 28 metr uzunlikda hamda 12,5 metr kenglikdagi avtomobil yo`li ko`prigi qurilishi ham reja qilingan.

Ayni paytda erosti yo`l o`tkazgichi poydevorida qurilish ishlari tugatilib, loyiha doirasida navbatdagi ishlar bajarilmoqda.
2023 yilda yakunlanishi rejalashtirilayotgan ushbu zamonaviy ko`prik foydalanishga topshirilgach 32 mingdan ziyod mahalliy aholi va ushbu yo`ldan o`tib qaytayotgan boshqa haydovchilarning vaqti tejaladi, avtomobillar tirbandligi bartaraf etiladi.






